AQShda o’qish sari ilk qadamlar: Qayerda va nima o‘qimoqchisiz?

Jurnalist va blogger Behzod Mamadievdan «Motivation letter» qanday yozilishi haqida foydali maslahatlar. Behzodni bu yerda kuzatib borishingiz mumkin: t.me/bmamadiev  

*** *** *** *** ***

Talabalarga maslahat berishda davom etamiz. Oldindan shuni aytib o‘tish lozimki, ushbu ma’lumot va maslahatlar kaminaning mustaqil izlanishlari va shaxsiy tajribasidan olingan bo‘lib, ularning mutlaq haqiqat yoki to‘g‘riligiga kafolat berilmaydi. Xorijda o‘qishning biz bilgan va bilmagan boshqa yana ko‘plab imkoniyatlari mavjud va o‘quvchilarimizga ushbu ma’lumotlardan tashqari qo‘shimcha va mustaqil izlanish olib borishlari tavsiya etiladi.

Avvalo, nima o‘qimoqchi ekaningizni aniqlab oling. Magistratura darajasida aynan bakalavrlikdagi ixtisosligingizni davom ettirishingiz shart emas. Masalan, jurnalistika yoki tarix bo‘yicha o‘qigan bo‘lsangiz, magistraturani xalqaro munosabatlar, siyosatshunoslik, sotsiologiya va hatto biznes boshqaruvi kabi soha va yo‘nalishlarda davom ettirishingiz mumkin. Bakalavriatda ma’lum bir sohada ixtisoslik olsangiz ham, to‘rt yillik o‘qish davomida sohangizga aloqador yoki butunlay farqli fanlarni ham o‘qishingiz mumkin va shuning uchun magistrlikni o‘z ixtisosligingizdan farqli bo‘lgan yo‘nalishda davom ettirishga haqlisiz. Ammo iqtisodiyot, huquqshunoslik kabi aniq yo‘nalishli sohalarda, agar bakalavriatda shu sohalarga aloqador yetarli kredit beruvchi fanlarni o‘qimagan bo‘lsangiz yoki nazariy bilimlarning o‘rnini qoplash uchun shu sohalarda yetarli amaliy tajribaga ega bo‘lmasangiz, odatda, bu yo‘nalishlarga boshqa sohalardan o‘tib bo‘lmaydi.

Qabul jarayonida imkoniyatlaringiz yuqori bo‘lishini va o‘qish uchun topshirilgan anketangiz ishonchliroq ko‘rinishini istasangiz, magistraturani o‘z sohangizda davom ettirishingizni tavsiya qilaman. Sohani o‘zgartirish o‘qishga qabul qilinish imkoniyatingizni rasman kamaytirmasa ham, nega sohangizni o‘zgartirayotganingizni anketaga qo‘shib topshirilgan bayonnomangizda (Statement of Purpose) asosli sabablar bilan tushuntirib berishingiz kerak.

Xullas, qaysi sohada o‘qishni davom ettirish borasida bir qarorga keldingiz. Endi ana shu soha bo‘yicha o‘quv kurslarini taklif etadigan universitetlarni qidirib topishingiz kerak. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, xorijdagi ko‘plab davlatlarda, masalan, AQShda oliy o‘quv yurtlari soni juda ko‘p va ulardan qay birini tanlash borasida bir qarorga kelish oson bo‘lmaydi. Infoplease.com sayti ma’lumotiga ko‘ra, AQShda oliy ta’lim darajasini beruvhi o‘quv yurtlari soni 4000 dan oshadi. Aynan magistratura va undan yuqori bo‘lgan darajada o‘qiydigan talabalarning bir yillik soni esa ikki milliondan ortiq. Demak, siz o‘qishga topshirganingizda, ana shu ikki millionlik o‘rinlardan biriga da’vogarlik qilasiz.

Oliy o‘quv yurtini va o‘zingiz qiziqqan o‘quv dasturini qanday topish jarayonini bir soha misolida ko‘rib chiqamiz. Aytaylik, siz ijtimoiy yo‘nalish hisoblanuvchi xalqaro munosabatlar (International Relations) sohasida tahsil olmoqchisiz. Siyosatshunoslik (Political Science), hududiy tadqiqotlar (Regional Studies) kabi sohalar xalqaro munosabatlar bilan aloqador umumiy yo‘nalish ostida bo‘lib, o‘quv dasturlarida xalqaro munosabatlar, odatda, siyosatshunoslikning ichki bo‘limi sifatida keladi. Shuning uchun siz xalqaro munosabatlar bo‘yicha o‘qish qidirganingizda, yuqorida tilga olingan aloqador yo‘nalishlarni ham qarashingiz kerak.

Demak, qidirishni boshlaymiz. Qidiruv jarayonida, avvalo, shu sohada xorijda, xususan, AQShda o‘qigan yoki o‘qiyotgan tanish-bilishlaringiz bilan gaplashishingiz kerak. O‘z imkoniyatlaringizni, qiziqishlaringizni ularga ayting va qayerlarga hujjat topshirishingiz mumkinligi haqida ularning maslahatini oling. Shu sohaning ichida yurgan odamlar, albatta, qaysi o‘quv yurtlariga kirish imkoniyatlari yaxshiligini, xususan, xalqaro talabalar qayerlarda yaxshiroq qabul qilinishi mumkinligini bilishadi. Shuningdek, o‘qish uchun to‘liq grant beruvchi dasturlarni topishda ham ularning yordami katta bo‘ladi.

O‘qishingiz mumkin bo‘lgan universitetlarni ko‘proq toping. Oldingizda bir emas, bir nechta variant tursin. AQShning nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan birida aspirantura (PhD) darajasida o‘qiydigan amerikalik bir tanishimning aytishicha, kamida sakkizta universitetga hujjat topshirishingiz kerak. Chunki qaysi biri sizni qabul qilishi mumkinligini bilmaysiz. Qabul qilinish imkoniyatingizni oshirishingiz uchun imkon qadar ko‘proq universitetlarga hujjat topshirishingiz kerak. Agar birdan ortiq universitet sizni o‘qishga qabul qilsa, o‘zingizga yoqqanini va yaxshirog‘ini tanlashingiz mumkin.

Tanishlaringiz maslahati bilan chegaralanib qolmasdan, o‘zingiz mustaqil qidirishda ham davom eting. Bunda, albatta, eng yaqin yordamchingiz internet bo‘ladi. Internetdagi qidiruv xizmatidan foydalanganingizda (Men shaxsan “Google”dan foydalanishni tavsiya etaman), xalqaro munosabatlar yoki siyosaniunoslik bo‘yicha eng yaxshi universitetlar (The best graduate schools for International Relations/Political Science), AQShning bakalavrdan keyingi eng kuchli universitetlari (Top US Graduate Schools) kabi jumlalarni kiriting. Shuningdek, AQShdagi universitetlar reytingini ham ko‘zdan kechirib chiqishingiz foydadan xoli emas.

Shuni unutmaslik kerakki, nufuzli o‘quv yurtlariga kirish ham qiyin bo‘ladi. Albatta, sizni obro‘li dasturlarga topshirishdan qaytarmoqchi emasman. Ammo universitet tanlashda tayyorgarlik darajangiz va imkoniyatlaringizni hisobga olishingiz kerak.

Qidiruv jarayonida, albatta, siz o‘qimoqchi bo‘lgan bo‘lim bir yilda qancha talaba qabul qiladi, to‘liq grant beradimi, qabul shartlari qanday, xalqaro talabalar uchun alohida o‘rin ajratilganmi, ularga beriladigan moliyaviy yordam hajmi qancha kabi savollarga javob topishingiz kerak. Bu bilan ushbu universitetlar sizga mos kelishi yoki kelmasligini aniqlaysiz.

Universitetlarni tanlashda e’tibor berish kerak bo‘lgan yana bir muhim narsa shuki, saytlardan siz o‘qimoqchi bo‘lgn bo‘limning (Department) ixtisosligi, siz qiziqqan tadqiqot mavzusi bo‘yicha ishlaydigan professorlarning bor-yo‘qligini, albatta, tekshirishingiz kerak. Chunki sizning qabul qilinishingizni ta’minlaydigan eng muhim narsa bu minimum talablardan keyin ilmiy tadqiqot mavzuingizning ushbu universitetdagi professorlar ixtisosligiga yaqinligidir. Unutmang, magistratura va undan yuqori bo‘lgan o‘quv darajaralari, asosan, tadqiqot va ilmiy ish qilinadigan joylardir. Shuning uchun qanday mavzuda ilmiy ish qilishingiz va bu mavzuda sizga ilmiy rahbarlik qila oladigan professorning mavjudligi sizning o‘qishga qabul qilinishingizni belgilaydigan eng muhim omillardir.

Ilmiy tadqiqot mavzuingizga aloqador professorlarni topishning eng yaxshi yo‘li siz o‘qimoqchi bo‘lgan bo‘limdagi professorlar haqida saytda berilgan ma’lumotlar bilan tanishib chiqish. O‘zingizga mos deb o‘ylagan professorlarga xat yozib, mavzuingiz haqida ular bilan maslahatlashishingizni qattiq tavsiya etamiz. Professor sizni qo‘llab-quvvatlasa va shu yerga hujjat topshirishingizni tavsiya etsa, qabul jarayonining eng muhim bosqichidan o‘tgan bo‘lasiz.

Xullas, qayerga hujjat topshirish masalasida bir qarorga kelishdan oldin uzoq izlanish olib borish kerak. Sakkizta universitetga hujjat topshirgan va oltitasidan qabul qilinganligi haqida xat olgan bir tanishimning aytishicha, u o‘ziga mos universitetlarni topish va hujjatlarini tayyorlash jarayoniga bir yil vaqt sarflagan. Demak, bu uzoq izlanish va vaqtni talab etadigan jarayon. Bu yo‘lda sizga omad tilayman.

Be the first to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published.


*