
#GrinKarta: Hozir #vatandoshlar‘ni qattiq bezovta qilayotgan savol — oktyabrda grin karta lotereyasiga (#DiversityLottery) ariza to’ldirishda qaysi pasport ma’lumotlaridan foydalanishim kerak?
Bugungacha hech qaysi masala bo’yicha bunchalik ko’p savol olmaganman. Juda ko’p kishi jiddiy tashvishda, grin karta lotereyasida ishtirok etish hayot-mamot masalasiga aylanganday… Bu savolga mendan javob olmaysiz. O’nlab ko’zga ko’ringan blogerlar batafsil muhokama qildi yoki qilmoqda. AQShning Toshkentdangi #Konsullik xizmati ham bu masalaga oydinlik kiritishini kutamiz.
#Raqamlar: Meni boshqa masala qiziqtiryapti — o’zi o’tgan yili necha kishi topshirdiyu, qanchasiga yutuq chiqdi. Raqamlar esa yoqa tishlatadi. 2018 yilda grin karta lotereyasida qatnashish uchun 2 114 446 O’zbekiston #fuqaro‘si murojaat qilgan. Ha, 2.1 million kishi! Bu mehnatga yaroqli fuqarolarning taxminan 14-16% tashkil etadi. 2017 yilda topshirilgan arizalarga solishtirganda 35% o’sish.
Dunyo bo’yicha fuqarolari eng ko’p murojaat qilgan davlatlar orasida Ganadan (2 227 530) keyin ikkinchi o’rindamiz. Yutuq esa 4 494, ya’ni murojaat qilganlarning 0.2% chiqdi.

Qo’shnilarda #SurishKerak qay ahvolda? Markaziy Osiyo davlatlaridan kelib tushgan arizalar soni quyidagicha: 1) Qozoqiston – 93 406; 2) Qirg’iziston – 72 350; 3) Tojikiston – 122 178; va 4) Turkmaniston – 29 666. Xullas, O’zbekistondan topshirilgan arizalarning 2%-5%. Ba’zi grin kartachi #VizaFirmalari‘ga mendan tekin biznes g’oya — qo’shni davlatlarda ham filial oching… 🙂
Bu yil grin kartaga albatta ariza topshiring. Sizdan so’ralgan barcha ma’lumotlarni kiriting. Yolg’on ma’lumot bermang. Rasm talablariga jiddiy rioya eting.
#Eslatma: Yutuq turmush qurgan-qurmagan, farzandli-farzandsiz, chekmaydigan-ichmaydiganga qarab chiqmaydi.
Grin karta lotereyasida qatnashing, ammo hayot mazmuni va kelajagingizni yutuq ehtimoli o’rtacha 0.2% bo’lgan grin kartaga bog’lab qo’ymang. Amerikaga ketishni jiddiy niyat qilgan bo’lsangiz hech bo’lmasa ingliz tilini o’rganishni boshlang. O’zingiz qiziqqan soha bo’yicha tahsil oling. Hunar o’rganing. Tanlagan sohangiz ustasiga aylaning. Shunda eshiklar ochilaveradi. Omad!
Be the first to comment