U vizasi: Jinoyat qurbonlari uchun viza

2000 yilda AQSh Kongresi Odam savdosi va zo’ravonlik qurbonlarini himoya qilish to’g’risidagi Qonunni (Victims of Trafficking and Violence Protection Act) qabul qildi. Mazkur Qonunning samarali ijrosini ta’minlash maqsadida immigratsiya qonun-qoidalariga ham o’zgartirishlar qabul qilinib, U vizasi (U-visa) kiritildi. U vizasi AQShda jinoyat yoki zo’ravonlik qurbonlariga avval noimmigrant vizasini olish va keyinchalik grin kartaga murojaat qilish imkoniyatini beradi.

1. U vizasi nima? 

U vizasi ba’zi turdagi jinoyat qurbonlari uchun noimmigrant viza maqomini beradi. Maqsad, jinoyat qidiruv jarayoniga yordam berishga rozilik bildirgan jinoyat qurboni uchun himoya mexanizmini yaratish.

2. Kimlar murojaat qilishi mumkin? 

U vizasini olish uchun 6ta asosiy talab qo’yilgan, bular:

– Arizachi jiddiy jinoyat qurboni;

– Arizachi jinoiy qilmish tufayli jiddiy jismoniy yoki ruhiy aziyat chekkan yoki chekayapti;

– Arizachi jinoiy qilmish haqida ma’lumotga ega;

– Arizachi jinoyat qidiruv jarayonida yordam berishga tayyor;

– Jinoyat AQSh hududida sodir etilgan;

– Arizachi AQShdan chiqarib yuborish uchun sabab bo’ladigan ish qilmagan.

3. U vizasiga qay turdagi jinoyat qurbonlari murojaat qilishi mumkin? 

Taxminan 30ga yaqin jinoyat turlari U vizasini olish uchun sabab bo’lishi mumkin. Mazkur jinoyatlar qatorida quyidgilar kiradi: qotillik, qullikda tutish, qiynoqqa solish, odam savdosi, oiladagi zo’ravonlik, guvohga bosim o’tkazish, shantaj, va hkz. U vizasi doirasiga kiradigan jinoyatlar ro’yhati to’liq emas va boshqa kuch ishlatish va zo’ravonlik orqali sodir etiladigan jinoyatlar ham kirishi mumkin.

4. U noimmigrant vizasi uchun ariza qanday topshiriladi? 

U noimmigrant vizasiga murojaat qilish uchun I-918 formasi (Form I-918) to’ldirilishi kerak. Shu bilan birga, jinoyat-qidiruv bilan shug’ullanayotgan davlat idorasi hodimi I-918 formasiga Ilovani (Form I-918, Supplement) ham to’ldirishi kerak. Mazkur ilovada tegishli davlat idorasi hodimi jinoyat qurboni jinoyatni fosh etishga yordam berayotgani yoki yordam berishga rozilik bildirganini tasdiqlaydi. Bundan tashqari jinoyat qurboni qarshi sodir etilgan jinoyat haqida batafsil bayonnoma ham topshirishi kerak.

5. U vizasi necha yilga beriladi? 

U vizasi 4 yilga beriladi. 3 yil o’tgandan keyin esa grin kartaga murojaat qilishingiz mumkin.

6. Bir yilda necha U vizasi berilishiga kvota bormi? 

Ha, bir yil ichida berilishi mumkin bo’lgan U vizalari soni cheklangan. Yiliga 10 mingta U vizasi berilishi mumkin. Murojaat qilayotganlarning soni esa yiliga 30 mingdan ko’p ekanligi taxmin qilinadi. Natijada navbat (backlog) shakllangan va I-918 formasini ko’rib chiqish 3-4 yilga cho’zilyapti. Ammo mazkur muddat davomida arizachiga AQShda ishlash va yashashga vaqtinchalik ruxsat beriladi.

7. U vizasiga hujjatsiz immigrantlar ham ariza topshirishi mumkinmi? 

Ha, U vizasini olish uchun I-918 formasini hujjatsiz immigrantlar ham topshirishi mumkin. Lekin, deportatsiya bo’lishga sabab bo’ladigan qilmishni sodir etgan shaxs maxsus ruxsatga murojaat qilishi kerak (waiver).

8. I-918 formasiga qaysi hujjatlar ilova qilinishi kerak? 

I-918 formasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi kerak:

– Doktor xulosasi, kasalxonadan tegishli hujjatlar;

– Ruhiy azoblar haqida jinoyat qurbonining bayoni;

– Voqea sodir bo’lishiga yoki qurbonning jismoniy yoki ruhiy holatiga guvoh bo’lganlar bayoni.

Be the first to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published.


*