UBER haydovchilariga 10 maslahat

* Quyida berilgan ma’lumotlar rasmiy huquqiy maslahat o‘rnida o‘tmaydi. Uber yoki Lyft haydash bilan bog‘liq bo‘lgan huquqiy masahat uchun advokat bilan bog‘laning.

Vatandoshlarimiz orasida Uber yoki Lyft haydovchisi bo’lib ishlayotganlar ko’p uchraydi. Barakasini bersin, oson ish emas. Mashina haydash va mijozlar bilan muloqot qilishda turli vaziyatlar yuzaga keladi. Yo’lovchi baqirib-so’kishi yoki ur-tepga o’tishi mumkin. Uzun soatlar mashina haydash natijasida yo’l-transport hodisalarining sodir bo’lish ehtimoli ortadi. Ho’sh, Uber yoki Lyft haydovchilari e’tibor berishi kerak bo’lgan holatlar nimadan iborat? Mazkur maqolada 10ta maslahat beramiz.

1. Uber/Lyft haydashga faqat vaqtincha ish sifatida qarang

Uber/Lyft haydovchisi bo’lishning o’ziga yarasha qulayliklari bo’lsa ham, bu ishni faqat vaqtincha bajarish kerak. Masalan, talaba, ish qidirayotgan kishi, qo’shimcha pulga ehtiyoji bo’lgan kishi uchun Uber/Lyft haydovchisi bo’lish juda qo’l keladi. Albatta, bu ishda to’liq stavka ishlashning aybi yo’q, ammo nazarimda bu sohaning kelajagi yo’q. Qolaversa, Uber, Tesla va boshqa yirik avtomobil kompaniyalari haydovchisiz harakatlanadigan mashinalarni (self-driving, driverless cars) sinovdan o’tkaza boshlaganini hisobga oladigan bo’lsak, haydovchlarga kelajakda ehtiyoj kamayib boraveradi.

2. Yo’l harakat qoidalariga qat’iy rioya eting

Uber/Lyft haydovchisi bo’lishga qaror berib, ishga tushib ketdingiz, deylik. Birinchi qoida, tabiikiy, yo’l harakat qoidalariga qat’iy rioya eting. Bu oddiy maslahatdek tuyulishi mumkin, ammo keying maslahatni o’qiganingizda bu maslahatning ahamiyati oshadi.

3. Reyting tizimi qanday ishlashini tushunib oling
Uber va Lyft haydovchi va yo‘lovchilarga nisbatan reyting tizimini qo‘llaydi. Unga ko‘ra, haydovchi va yo‘lovchilar safar so‘ngida bir-biriga baho berib, izoh qoldirishi mumkin. Tabiiyki, masalan, yo‘lovchiga hurmatsizlik ko‘rsatsangiz, qo‘pol muomalada bo‘lsangiz, musiqani baland ovozda eshitsangiz, yo‘lovchilar sizga past baho beradilar. Davomiy past baho olish esa reytingizni tushurib yuboradi va buning natijasida Uber/Lyft siz bilan shartnomani bekor qilishi mumkin. Uber va Lyft bilan ishlashda katta tajribaga ega bo‘lgan Husniddin Qutbiddinovga ko‘ra, vatandoshlar orasida reyting pasayishining asosiy sabablaridan biri mashinani qo‘pol haydashlari bilan bog’liq (masalan, sababsiz bir yo‘lakdan ikkinchisiga o‘tish, kutilmaganda tormozga bosish va/yoki tezlikni oshirish kabi holatlar).

4. Kamera (dashcam) o’rnating

Uber/Lyft haydovchisi bo’lib ishlashda turli holatlar yuz beradi. Hususan, yo’lovchilar orasida baqirib-so’kishni yoki ur-tepni odat qilganlar uchrab turadi. Ba’zilari yo’lovchilar orasida “Haydovchi meni zo’rlamoqchi bo’ldi,” deb tuhmat qiladiganlari ham uchrab turadi. Bunday holatlarda kamera (dashcam) yordamida yozib olingan video tasvir aybsiz ekanligingizni isbotlovchi eng asosiy dalil vazifasini o’taydi.

Kameradan foydalanishni tartibga soluvchi qonun-qoidalar bir shtatdan ikkinchisiga o’zgaradi. Kamera yoki boshqa moslama yordamida ovozni yozib olishni ta’qiqlaydigan shtatlar asosan yashirincha tinglash (eavesdropping) qonun-qoidalaridan kelib chiqadi. Ammo agar Uber/Lyft haydovchilari kameradan faqat o’z xavfsizliklari uchun foydalansalar, mazkur qoidada nazarda tutilgan ta’qiq ta’siriga kirmaydilar.

5. Uber/Lyft haydash davrlari nimadan iboratligini yaxshi tushunib oling

Uber/Lyft haydash jarayoni qanday davrlarga bo’linishini yaxshi tushunib oling. Uber/Lyft sizga yoki yo’lovchiga tavon puli va/yoki harajatlaringizni qoplashi yo’l-transport hodisasi harakatlanishning qaysi davrida sodir bo’lganiga bog’liq. Siz telefoningizdagi Uber/Lyft dasturini yoqqaningizdan keyin, yo’da bo’lish uch davrga bo’linadi. Uber/Lyft tomonidan beriladigan sug’urtaning amal qilishi yo’l-transport hodisasi bu davrlarning qay birida sodir bo’lganiga bog’liq:

  • 1-davr: Uber/Lyft dasturi yoqilgan va siz yo’lovchini olish uchun signal kelishini kutayapsiz. Telefoningizdagi Uber/Lyft dasturi yoqilgan bo’lsa ham, yo’lovchini kutish vaqtida sodir bo’lgan hodisalar uchun Uber/Lyft majburiyatni o’z zimmasiga olmaydi. Buning eng asosiy sababi shundaki, siz Uber/Lyft uchun yollanma ishchi (contractor) sifatida ishga qabul qilinasiz. Bu esa, an’anaviy ishchidan (employee) farq qiladi. Agar Uber/Lyft dasturini yoqqaningizdan keyin mijozni kutish davrida yo’l xodisasi sodir bo’lsa, Uber/Lyft zimmasiga hech qanday majburiyat yuklanmaydi va bu hodisa oddiy yo’l-transport hodisasi sifatida baholanadi.
  • 2-davr: Uber/Lyft dasturi orqali yo’lovchidan talab keldi, siz qabul qildingiz va mijozni olish uchun uning manziliga ketayapsiz. Umuman olganda, mazkur holatda Uber/Lyft tomonidan beriladigan sug’urta bu davrda sodir bo’ladigan yo’l harakati xodisalarini qoplashi kerak. Ammo siz yo’lovchining manzili tomon harakatlanayotganingizda yo’lovchi chaqiriqni bekor qilsa (cancellation), siz yana 1-davrga o’tasiz va bundan keyin sodit bo’lishi mumkin bo’lgan yo’l-transport hodisasi uchun Uber/Lyft hech qanday majburiyatni o’z zimmasiga olmaydi.
  • 3-davr: Yo’lovchi mashinangizda. Yo’lovchi mashinangizga o’tirgandan keyin Uber/Lyft sug’urtasi sizni to’liq qoplashi kerak.

Ko’rib turganingizdak, 1 va 2-davrlarda siz asosan o’zingizning shaxsiy sug’urta shartlari bilan himoyalanasiz. Shunday ekan, bu davrda iloji boricha hech qanday yo’l qoidalarini buzmasdan, iloji boricha yo’l-transport hodisalari sodir bo’lishiga sabab bermasligingiz kerak.

6. Aybni hech qachon bo’yningizga olmang

Duo orqasidan mashinga haydashni boshladingiz. Yo’l qoidalariga rioya etishingizga qaramasdan yo’l-transport hodisasi ro’y berdi. Hodisa sizning aybingiz bilan sodir bo’lsa ham, aybni hech qachon bo’yningizga olmang. Masalan, “Kechirasiz, o’ng tomonda ketayotganingizni ko’rmay qo’ldim” yoki “Kechirasiz, 12 soatdan beri yo’ldaman, bir oz charchab, hushyorsizlikka yo’l qo’ydim,” deb aytmang. Eng yaxshisi sukut saqlang, politsiya xodimi kelishini kuting.

7. Yo’l-transport hodisasi natijasida biron kishiga tan jarohati yetganda

Yo’lovchini oldingiz va u istagan manzilga qarab ketayotganingizda boshqa mashina bilan to’qnaishib ketdingiz. Agar iloji bo’lsa mashinangizni xavfsiz joyda to’xtatib, avariya signallarini yoqib qo’ying. Birinchi navbatda o’zingizga biron shikast yetdimi-yo’qmi tekshiring. Jiddiy shikast olmagan bo’lsangiz, mashinada ketayotgan mijozlaringiz ahvolidan habar oling Agar ulardan birontasi jiddiy shikast ko’rgan bo’lsa, o’zingiz yordam berishga harakat qilmang, shikast yegan kishini joyidan qimirlatmang va zudlik bilan 911ga qo’ng’iroq qiling. 911 kelguniga qadar shikast yegan kishiga teginmang.

8. Hodisani hujjatlashtirib boring

Yo’l harakati hodisasiga tegishli bo’lgan barcha holatlarni hujjatlashtirishga harakat qiling. Masalan, birinchi navbatda, hodisa yuqorida tilgan olingan 2-davrda (yani mijoz mashinani ichida) sodir bo’lganini isbotlash uchun, telefoningizdagi Uber/Lyft xaritasining screenshot’ini oling. Bir-biri bilan to’qnashgan barcha mashina haydovchilari haqida ma’lumot to’plang (masalan, haydovchilik guvohnomasi va sug’urta polisini telefoningiz yordamida rasmga oling). Agar yo’l-transport hodisasini ko’rgan guvohlar bo’lsa, ular bilan gaplashing va to’liq ismlari va telefon raqamlarini yozib oling. Telefoningiz yordamida ular aytgan gaplarni va to’qnashuv sodir bo’lgan joyni videoga yozib oling. Hodisa joyiga yetib kelgan politsiya xodimining ismini va hodisa raqamini (accident report number) yozib oling. Bu ma’lumot sizga keyinchalik politsiya xodimi tayyorlagan dalolatnoma nushasini olishda qo’l keladi.

9. Tibbiy ko’rikdan o’ting

Jiddiy jarohat olmagan bo’lsangiz ham, yo’l-transport hodisasi sodir bo’lgan joydan ayrilganingizdan keyin zudlik bilan tibbiy ko’rikdan o’ting. Sizga sezilmasa yoki ko’rinmasa ham, jiddiy jarohat olgan bo’lishingiz mumkin. Sifatli tibbiy ko’rik bunday holatlarni aniqlashi mumkin. Agar tibbiy ko’rikdan hodisa sodir bo’lgandan keyin o’tmasangiz va keyinchalik sizda rivojlanishi mumkin bo’lgan jarohat/kasallik hodisaga bo’gliq ekanligini isbotlash/unga bog’lash qiyin bo’lishi mumkin. Tibbiy ko’rik xulosalari va bu bilan bog’liq bo’lgan barcha harajatlaringizni yig’ib boring.

10. Advokat bilan bog’laning

Tibbiy ko’rikdan o’tkaningizdan keyin qisqa muddat ichida advokat bilan bog’laning, sodir bo’lgan hodisa haqida u bilan maslahat qiling. Advokat bilan maslahat qilmasdan sug’urta kompaniyasi yoki boshqa haydovchi/yo’lovchi advokati bilan yo’l-transport hodisasi haqida gaplashmang. Advokaga qo’ng’iroq qilishdan qo’rqmang. Ko’pincha birinchi konsultatsiya tekin bo’ladi.

* Yuqorida berilgan ma’lumotlar rasmiy huquqiy maslahat o‘rnida o‘tmaydi. Uber yoki Lyft haydash bilan bog‘liq bo‘lgan huquqiy masahat uchun advokat bilan bog‘laning.

Qo’shimcha ma’lumot uchunPolitsiya mashinangizni to’xtatsa

Be the first to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published.


*