Kanada va Amerikada advokatlik xizmatlari qanday ishlaydi?

* Ushbu maqola ilk marotaga 25 aprel 2013 yilda http://tashabbus.com/ vebsahifasida nashr etilgan edi. Maqolani bu safargi nashri qaytadan ko’rilib chiqildi va kerakli o’zgartirishlar kiritildi.

 

Bugungi kunda o’zbekistonliklar dunyoning deyarli barcha davlatlariga yashaydilar desak xato bo’lmaydi. Buni vatandoshlarimizning “global fuqaro” sifatida shakllanayotganligiga dalil desak ham bo’ladi. Dunyoning qaysi bir davlatiga bormang, o’sha yerda o’qish, sayohat, ish safarlariga borgan yoki doimiy ravishda chet ellarda istiqomat qilayotgan o’zbekistonlik hamyurtlarimizni uchratishingiz mumkin. Bu globallashuv ma’lum bir imkoniyatlar yaratishi bilan birga, chet ellarda ba’zi qiyinchiliklar va tushunmovchiliklar ham keltirib chiqarishi mumkin. Chunki o’zga madaniyat, tanish bo’lmagan ish tartibi va qoidalari, biznes madaniyati va boshqa turli xil insonlararo munosabatlar O’zbekistonda mavjud bo’lgan munosabatlardan tubdan farq qilishi tabiiy.

Turli davlatlarda yashayotgan vatandoshlarimiz hayot taqozosi bilan yuridik xizmatlardan, ya’ni advokatlik (advokatlar chet ellarda “lawyer”“attorney”“barrister”“solicitor” yoki “legal counsel” deb atalishi mumkin) xizmatlaridan foydalanishga ehtiyoj sezishlari mumkin.

Xo’sh, bunday xizmatlardan foydalanish tartiblari qanday? Nimalarga e’tibor berish kerak? Shu savollarga ushbu maqolada javob berishga harakat qilamiz. Unda Kanada misolida butun Shimoliy Amerikada yuridik xizmatlardan foydalanish tartibini yoritib o’tamiz. Albatta, bu mavzu juda keng qamrovli bo’lganligi sababli mavzuning har bir tomonini yoritish imkoni bo’lmaydi. Shuning uchun eng asosiy va umumiy jihatlarini tushuntirib o’tamiz.

Qonunga binoan kim yuridik xizmat ko’rsatishi mumkin?

Kanadada va AQShga tegishli provinsiya yoki shtatlarda xalqqa yuridik xizmat ko’rsatish huquqi faqat litsenziyaga ega bo’lgan advokatlarga (ba’zi yuridik xizmatlarni “paralegal” deb ataluvchi kasb egalari ham ko’rsatishlari mumkin) berilgan. Tegishli litsenziya ega advokatlardan tashqari boshqa insonlar qanchalik huquqiy bilimlari yuksak bo’lmasin, yuridik xizmat ko’rsatishlari mumkin emas. O’z vatanlarida huquqshunos bo’lgan va chet elga kelgan insonlar ham litsenziya olmasdan yuridik hizmatlarni ko’rsataolmaydi. Bundan tashqari, turli sabablarga ko’ra litsenziyasi to’xtatilgan advokatlarga ham yuridik xizmat ko’rsatish taqiqlangan.

Har bir provinsiya yoki shtatda advokatlar uyushmasi (Kanadada “Law society” AQShda “State bar association” deb ataladi) mavjud bo’lib, advokatlarga litsenziyalarni aynan shu uyushmalar beradi va advokatlik faoliyatini tartibga soladi. Bu uyushmalarning o’z veb-sahifalar mavjud bo’lib, u yerda hozirgi kunda qaysi advokatning litsenziyasi amalda bo’lganligini topib aniqlash mumkin (Kanada misolida Shimoliy Amerikada qanday qilib advokat bo’lish haqida batafsilroq ma’lumot olish uchun Kanadada yurist bo’lish uchun nima qilish kerak?” deb nomlangan maqolani o’qib chiqishingizni tavsiya etamiz).

Masalan, Kanadaning Ontario provinsiyasidagi advokatlar uyushmasi Law Society of Ontario (“LSO”) deb nomlanib, uning veb-sahifasidan (“Search Lawyer and Paralegal Directory”) litsenziyasi amalda bo’lgan advokatlar haqida ma’lumot topish mumkin. AQShning Nyu-York shtati advokatlar uyushmasi esa New York State Bar Association deb nomlanib, bu shtatda advokatlik litsenziyasiga ega bo’lgan advokatlarni mana bu veb-sahifasidan topish mumkin: “Find NY Attorney”.

O’zbekistonlik hamyurtlarimiz yuridik xizmatlarni faqatgina litsenziyasi bo’lgan advokatlardan olish kerak. Bunday advokatlar sizga to’liq va tegishli tartiblarga amal qilgan holda xizmat ko’rsatadi. Litsenziyasi cheklangan yoki amal qilmayotgan advokatlar sizga xizmatlarini taklif qilayotgan paytda, albatta, sizga litsenziyasi amal qilyaptimi yoki yo’qmi bu haqda aytishlari shart. Agar siz ularning xizmatlaridan foydalanmoqchi bo’lsangiz, albatta, litsenziyalari haqida ma’lumot so’rashga haqlisiz va bunday qilishingizni tavsiya etiladi.

Ba’zi advokatlar uzoq muddat yuridik xizmat ko’rsatmayotgan bo’lsa, o’z xohishlari bilan litsenziyalarini “muzlatib” qoyishlari mumkin. Bu holda ular “non-practicing lawyer” bo’lishlari mumkin. Bunday holatlar juda ko’p bo’ladi va bu aslida advokatning malakasiz ekanini anglatmaydi. Masalan, bir advokat katta korxonada direktor bo’lib ishga olinsa, u korxonaning ishi bilan mashg’ul bo’lib xalqqa yuridik xizmat ko’rsata olmasligi mumkin. Shuning uchun o’z litsenziyasini saqlab qolish uchun uni vaqtincha “muzlatib” qo’yadi. Agar yuridik xizmat bermoqchi bo’lsa, u “practicing lawyer” bo’lishi shart. Buni amalga oshirish uchun advokatlar uyushmasiga xabar berishi va ma’lum a’zolik to’lovlarini to’lab, sug’urta olishi shart bo’ladi.

Ammo, litsenziyasi umuman cheklangan yoki advokat o’z xohishi bilan umuman yuridik xizmat ko’rsatmayman deb litsenziyasidan voz kechgan bo’lsa, bu hollarda bunday yuristlarning yuridik xizmat ko’rsatishi mumkin emas. Shu asnoda yana bir muhim narsani aytib o’tishimiz kerak. Ba’zan xalqimiz orasida va xorijda chet ellarga bormoqchi bo’lgan insonlarni aldab yuradigan “kvazi-advokatlar” yoki “konsultantlar” ham uchrab turadi. Ular insonlarga, “Falon davlatning vizasini olib beraman. Hamma hujjatlarni o’zim tayyorlab beraman. Siz menga faloncha pul bersangiz bo’ldi!” yoki shunga o’xshash gaplarni aytib pul undirishga urinadigan firibgarlardir. Bunday “kvazi-advokatlar”dan va “konsultantlar”dan ehtiyot bo’lish kerak va ulardan uzoqroq yurish tavsiya etiladi.

Advokat topish yo’l-yo’riqlari haqida quyidagi maqolani o’qishingizni tavsiya qilamiz: Yaxshi advokatni qanday topish mumkin?

Yuridik xizmatlar uchun to’lovlar qanday amalga oshiriladi?

Demak, bir advokat xizmatidan foydalanish qarorini olganingizdan keyin nima bo’ladi? Yuridik xizmatlar uchun xizmat haqqini qaysi tartibda advokatga berish kerak? Aldanib qolmaslik kafolatlari nimalardan iborat? Bu savollar har bir advokat xizmatidan foydalanmoqchi bo’lgan mijozni bezovta qiladigan savollar bo’lishi mumkin.

Avvalambor, advokat bilan tanishgandan so’ng va advokat bo’lajak mijozdan kerakli ma’lumotlarni olib, kerakli tadbirlarni amalga oshirganidan keyin, advokat va klient orasida o’zaro to’liq ishonchga asoslangan va advokatlik siri bilan kafolatlangan munosabat shakllanadi.

Bu munosabatda hech qanday hiyla, yolg’on va aldashlar bo’lmasligi kerak. Klient o’z advokatiga xuddi o’ziga ishonganidek ishonib, unga barcha ma’lumotlarni berishi shart. Advokat esa o’z o’rnida bu ishonchni suiiste’mol qilmasdan, butun ilmi, tajribasi va eng muhimi qonunlarga muvofiq klientiga xizmat ko’rsatishi lozim. Advokatning o’ta muhim bo’lgan bu roli va advokatlik siri muqaddas bo’lib, butun Anglo-Sakson va xususan Kanada va AQSh huquqiy sistemasining asoslaridan hisoblanadi.

Advokat-klient munosabatini rasmiylashtirish uchun aksariyat hollarda taraflar orasida shartnoma (“Retainer Agreement” yoki “Agreement on Legal Services”) tuzilishi qattiq tavsiya etiladi. Bunday shartnoma kelajakda kelib chiqishi mumkin bo’lgan tushunmovchiliklar va noaniqliklarni bartaraf etadi va tegishli qonunlarga asoslanib kuchga kiritiladi. Bir tomon shartnomani buzadigan bo’lsa, tegishli qonuniy oqibatlar yuzaga kelishi mumkin. Bu munosabatda advokatning ikki hil ma’suliyati mavjud bo’ladi: biri klientiga tegishli mas’uliyat va ikkinchisi esa huquqiy sistemaga tegishli mas’uliyat. Amalda bu shunday namoyon bo’ladi – klient o’z advokatni huquqiy sistemani aldash va noqonuniy maqsadlarga erishish uchun qo’llanmasligi va advokat ham o’z navbatida bunday qo’llanishga ruxsat bermasligi kerak. Advokat va klient orasidagi ishonchga putur yetsa, bu munosabat tugatilishi zarur va advokat o’sha klientni ishidan o’zini chetlashtirisi kerak.

Advokat va klient o’rtasida imzolangan shartnomada xizmat haqqi to’lovlari qancha bo’lishi va qanday amalga oshirilishi ham belgilanadi. Advokatlar klientning ishini boshlashidan oldin oz bo’lsa ham xizmat haqqining bir qismini oladi, lekin o’z shaxsiy bank hisobiga emas, balki maxsus shu maqsadlar uchun ochilgan trast (“trust”) hisobiga qo’yadi.

Bu qisman berilgan to’lov ikki tomon uchun bir kafolat sifatida xizmat qiladi desak noto’g’ri bo’lmaydi. Advokat uchun klient ishini ko’rib chiqish uchun sarflagan vaqtiga to’lov olish kafolati bo’lsa, klient uchun esa advokatdan yuridik xizmat berilishini talab qila olish kafolatidir.

Advokatlar klientning ishi bo’yicha sarflangan har bir daqiqaga xizmat haqqi oladi. Misol uchun, klient advokatga bir email jo’natgan bol’sa, bu emailni o’qib chiqish uchun sarflangan 5 daqiqani advokat o’sha klientni nomidan qilayotgan ishga yozilib qo’yadi. Ish ustida sarflangan vaqtni hisoblayotganda 1 soatni 10 qismga bo’lib va bunda har bir qism 6 minutga teng deya hisoblaydilar. Masalan, advokat bir hujjat tayyorlash uchun 30 daqiqa sarflagan bo’lsa, unda klient hisobiga 0.5 deb yozib qo’yadi. Bu yarim soatga teng bo’ladi va advokat soatiga $200 oladigan bo’lsa, klient shu sarflangan 30 daqiqa uchun $100 to’lashi kerak bo’ladi. Shunday qilib, to’plangan barcha vaqtlarni hisoblab har ikki haftada bir yoki har oyda bir advokat o’z klientiga hisobot  (“invoice”) jo’natadi. Shundan keyingina yuqorida aytilgan trast hisobiga qo’yilgan klient pulidan, o’zining shaxsiy hisobiga tegishli miqdordagi pulni o’tkazadi. Shu tariqa trast bank hisobidagi miqdor tugashidan oldin, advokat klientga yana ma’lum bir miqdor pul qo’yishini talab qilib murojaat qiladi. Agar bu murojaatga quloq solmasdan klient so’ralgan miqdor pulni trast hisobiga jo’natmasa, advokat u klientni ishi bo’yicha ishlashni to’htatishi mumkin.

Amaliyotda bu to’lov jarayonini mana bu tasvirda ko’rsatilganidek tushunish mumkin:

Advokatlik faoliyati qoidalari

Advokatlar barchaga tegishli bo’lgan qonunlardan tashqari, advokatlar uyushmasi tomonidan qabul qilingan va faqatgina advokatlarga majburiy bo’lgan “Advokatlik Faoliyati Qoidalari”ga (Kanadaning Ontario provinciyasida “Rules of Professional Conduct” deb ataladi) ham amal qilishlari shart. Ushbu qoidalarga amal qilmagan yoki yuridik xizmatlarni loqaydlik bilan amalga oshirgan advokatlarga tegishli javobgarlik bor. Hattoki advokatlarning mashaqqat va ko’p pul sarf etib qo’lga kiritgan litsenziyalari olib qo’yilishi ham mumkin.

Misol tariqasida ushbu maqolaning mavzusiga tegishli bo’lgan mana bu qoidani e’tiboringizga havola etamiz. Ontario Advokatlik Faoliyati Qoidalarining 2.02-qismining 5.0.3. raqamli qoidasiga binoan:

“(5.0.3) Advokat bankdagi trast hisob raqamini yuridik xizmat ko’rsatishga bog’liq bo’lmagan boshqa maqsadlarda ishlatishi taqiqlanadi”.

Amalda, advokat va klient orasidagi munosabat sir saqlanganligi uchun klient yoki boshqa shaxslar bu imkoniyatdan foydalanmoqchi bo’lishi mumkin. Noqonuniy yo’l bilan topilgan “pullarni yuvish” (“money laundering”) va shaxsiy daromadni soliqlardan yashirish (“tax sheltering”) kabi amallar shular jumlasidandir. Advokatlarga qonunchilik va davlat sistemasi tomonidan ishonib berilgan klient ishlarini sir saqlash imkonini suiiste’mol qilmaslik kerak.

Shu misolning mantiqiy davomi sifatida advokatlik faoliyatiga tegishli qoidalar klientdan naqd pul olishni ham cheklaydi. Qoidalarga ko’ra, advokat klientdan trast hisobiga pul olayotganda naqd pul emas, balki bank orqali yoki chek orqali pulni qabul qilishi kerak bo’ladi. Klientdan faqatgina $7,500 Kanada dollari miqdorida naqd pulni olib trast hisobiga qo’yishi mumkin. Lekin bu ham istisno sifatida qilinishi kerak.

Bu misoldan ko’rinib turibdiki, advokatlarga juda og’ir mas’uliyat yuklatilgan va ular yuridik xizmat ko’rsatayotganlarida qonunlar va qoidalar doirasidan tashqariga chiqmasliklari shart. Bu mas’uliyat esa klientlarga bir kafolat sifatida xizmat qilishi lozim. Advkolatlar ham, boshqa fuqarolar kabi, qilgan amallari uchun javob beradilar.

Xulosa

Advokatlarni, agar joiz bo’lsa, bir elektronik jihozdagi “tranzistor”ga o’xshatsa bo’ladi. Bu “tranzistorlar” davlatning huquqiy sistemasiga o’rnatilgan bo’lib, bir tomondan o’z klientlariga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan davlatdagi butun huquqiy tizimning uzluksiz yaxshi ishlashiga hissa qo’shadi. Advokatlar, xuddi tranzistor kabi ko’p ma’lumotlarni klientdan olib, tahlil qilib, ham klientning manfaatlarini himoya qiladi, ham jamiyatda qonunlar to’liq amal qilishi uchun harakat qiladi.

Agar advokat klientning aytgan barcha sirlarini davlat organlariga ochib bersa, unda klientga yomon xizmat qilgan bo’ladi va klient “kuyib” qolishi mumkin. Ayni paytda advokat klientning qo’lida bir “vosita” bo’lib qolsa va klientning butun noqonuniy ishlariga yordam bersa, unda jamiyat va davlat sistemasi zarar ko’radi, qonunbuzarlik ko’payadi va adolatsizliklarning chegarasi bo’lmaydi. Har ikki holatda advokat ham o’zi xuddi bir transiztor kabi “kuyib” qolishi mumkin. Metafora sifatida yana aytish joizki, bir tranzistor elektronik sistemaning har ikki tarafiga bevosita aloqador bo’lganligi uchun, agar bir tarafning “kuyib qolishiga” sabab bo’lsa, u tranzistor zudlik bilan almashtirilishi lozim.

Mana shunday nozik bir rolni bajarayotgan advokatlar faqat yuqori huquqiy madaniyatga ega bo’lib qolmay, balki yuridik xizmat ko’rsatish etikasi, madaniyati va tartiblariga ham amal qilishlari lozim. Shundagina advokatlar jamiyatdagi obro’larini saqlab qolishlari mumkin. Klientlarning advokatlar bajarayotgan bu rolni yaxshi tushunishlari esa yuridik xizmatlarning yuqori saviyada ta’minlanishiga yordam bo’ladi.

Rakhmad Sobirov  J.D., LL.M., LL.B.

Barrister & Solicitor, Notary Public in Ontario

Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universitetining Xalqaro huquq fakultetini 2003-yilda bitirib, Vengriyaning Budapesht shahridagi Markaziy Yevropa Universitetida (Central European University) Qiyosiy konstitutsiyaviy huquq yo’nalishi bo’yicha (LL.M. in Comparative Constitutional Law) magistraturani bitirgan. Bir necha xalqaro tashkilotlarda, xususan, EXHT Kotibiyatida (Vena, Avstriya) va Xalqaro Jinoiy Sudda (Gaaga, Gollandiya) amaliy tajriba orttirib, Kanadaning Ottava Universitetining huquq fakultetini 2011-yilda tugatgan (Juris Doctor in Common Law).

Hozirgi kunda Kanadaning Toronto shahrida Sobirovs Law Firm (www.sobirovs.com) yuridik firmasida bosh yuristi sifatida faoliyatini olib bormoqda. Sobirovs Law Firm Kanadaga immigtratsiya qilish va Kanadada biznes faoliyatini olib borish masalalarida yuridik hizmat ko’rsatadi. Yuridik firma tarkibida O’zbekiston qonunchiligini va Kanada qonunchiligini yaxshi biladigan advokatlardan tashkil topgan bo’lib, bu advokatlar bir necha xorijiy tillarda bemalol gaplasha oladilar.

Rakhmad Sobirov tomonidan bildirilgan fikrlar rasmiy huquqiy maslahat emas.

Be the first to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published.


*