Immigratsiyani cheklovchi farmon kimlarga taalluqli?

Bugun Prezident Donald Tramp immigratsiyani cheklovchi farmonga imzo chekdi. Farmon ertaga kuchga kiradi. Unga binoan kelasi 60 kun mobaynida immigratsion vizalar berilmaydi. Eslatma o’rnida, immigratsion viza (“immigrant visa”) AQShga doimiy yashash niyati bilan kelayotganlarga beriladigan viza.  

Farmon nomi: Iqtisodiy tiklanish davrida AQSh mehnat bozoriga xavf solishi mumkin bo’lgan immigrantlarning kirishini to’xtatib turish (“Proclamation Suspending Entry of Immigrants Who Present Risk to the U.S. Labor Market During the Economic Recovery Following the COVID-19 Outbreak”).

Kimlarning AQShga kelishi to’xtatildi?

  1. Farmon kuchga kirganda AQSh tashqarisida bo’lib;
  2. Immigratsion vizani hali olmaganlarga;
  3. Vizasiz sayohat qilishga ruxsat beruvchi hujjatga ega bo’lmaganlarga (advance parole).

Farmon asosan kimlarga taalluqli?

  1. Barcha grin karta lotereyasini yutganlar;
  2. Barcha E viza turlari orqali AQShga kelmoqchi bo’lganlar (doktor, hamshira yoki sog’liqni saqlash bo’yicha mutaxassis bundan mustasno);
  3. Grin karta egalarining turmush o’rtoqlari;
  4. AQSh fuqarolarining 21 yoshdan katta bo’lgan farzandlari;
  5. AQSh fuqarolarining ota-onalari;
  6. AQSh fuqarolarining aka-uka, opa-singillari.

Farmon kimlarga taalluqli emas?

  1. Grik karta egalariga;
  2. AQSh fuqarosing er/xotiniga;
  3. AQSh qurolli kuchlari ishchilari va ularning er/xotinlari;
  4. AQSh fuqarolarining 21 yoshga to’lmagan farzandlari;
  5. AQShga doktor, hamshira yoki sog’liqni saqlash bo’yicha mutaxassis sifatida kelayotganlar;
  6. COVID-19 pandemiyasi bo’yicha izlanish olib borish uchun AQShga kelayotgan mutaxassislar va ularning oila a’zolari;
  7. Investorlar uchun bo’lgan EB-5 dasturi orqali immigratsiya qilayotganlar;
  8. AQSh huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatiga yordam berish maqsadida kelayotganlar;
  9. AQSh manfaatlari uchun ahamiyatli bo’lganlar (national interest waiver);
  10. Afg’oniston va Iroqda AQSh hukumatiga ko’mak berayotgan uchun mo’ljallangan viza egalari va ularning oila a’zolari;
  11. AQShga siyosiy poshpana, qochqin yoki qiynoqlardan himoya qidirib kelayotganlar.  

Cheklov nimadan iborat?

Farmon qamroviga kiruvchi kishilarga 60 kun davomida immigratsion viza bermaslik.

AQShda grin karta olish uchun hujjatlarni topshirib qo’yganlarga ta’siri bormi?

Yo’q. Farmon faqatgina AQSh tashqarisida bo’lganlarga taalluqli.

Farmon grin karta lotereyasi orqali immigratsiya qilishni to’xtatadimi?

Umuman olganda grin karta lotereyasi dasturi to’xtatilmadi. Ammo grin karta lotereyasini yutganlarga immigratsion viza berish to’xtatildi. Lotereya sovrindorlariga viza butunlay rad etiladi, deb o’ylamayman.

Farmon grin karta lotereyasini yutib, hozirgacha suhbatdan muvaffaqiyatli o’tib, immigratsion vizasini olganlarga taalluqli emas.

AQShga noimmigratsion viza bilan kelishga ham cheklovlar bormi?

Yo’q, farmon faqatgina yuqorida tilga olinganlarga 60 kun davomida immigratsion viza bermaslik haqida. Hozircha noimmigratsion vizalarga nisbatan hech qanday cheklov yo’q.

Farmon qachongacha amal qiladi?

23-aprelda kuchga kirishini hisobga olganda, 22-iyungacha kuchda qoladi. Farmon mazmunan yangilanib, qo’shimcha davr uchun uzaytirilishi mumkin.

6 Comments

  1. Assalomu aleykum!Shu postni oqigandan keyin menda bitta savol tug’ilgan edi!Noimmigrant vizalar haqida han qisqacha aytib o’ta olasizmi?Masalan,O’zbekistondagi xalqaro universitet talabalari yozgi ta’til davomida Amerikaga ish va sayohat dasturida qatnashadilar va J1 viza turi orqali 3,5-4,5 oy davomida Amerikada bo’lib qaytishadi!Bu chiqarilgan qonun bu non-immigrantlarga ham tegishlimi?Iltimos,shu haqda batafsilroq to’xtalsangiz!Bu yil taxminan 1000-1500 ta studentlar programmaga topshirib qo’yishgan va nima bo’lishini kutishmoqda va agar Amerikadagi sponsor kompaniyalar bu virus(tabiiy hodisa) tufayli bu yilgi programma to’xtatilsa,ular programma pulni qaytarib bermasligi qonuniy bo’la oladimi?Javob uchun oldindan rahmat!Hurmat bilan Abbos

  2. Assalomu alaykum bir savolim bor edi men qizimga dakument qilayotgan edim bizlarga javob kelgandi dakumentlarni qilib elchixonaga navbat olishimiz kerak edi lekin karantin sabab ishimiz toxtab qoldi bu qizimning ishiga tasir qilmaydimi

Leave a Reply

Your email address will not be published.


*