
Amerikada yangi biznes, ish, o’qish va boshqa imkoniyatlar tufayli hamisha ko’chib yuramiz. Oramizda birinchi kelganidan keyin turar joyini eng kamida 4-5 marta o’zgartirmaganlar kam bo’lsa kerak. Bir qarashda oddiy masala, ammo yangi adres haqida USCISga o’z vaqtida xabar bermaslik jiddiy huquqiy oqibatlarga sabab bo’lishi mumkin.
Yaqinda bir do’stim qo’ng’iroq qilib, tanishi uchun maslahat so’radi. Masala mohiyati shundaki, sud tanishiga qarshi deportatsiya qarori chiqargan. Asosiy sabab–yangi adres haqida USCIS’ga o’z vaqtida xabar berilmagan. USCIS bu kishi ishini sudga oshirgan. Sudga chaqiruv qog’ozi bir-necha marta eski adresga yuborilgan. Vatandoshimiz u yerda istiqomat qilmagani tufayli bexabar qolgan. Natijada sudga bormagan. Sud esa unga qarshi deportatsiy qarorini chiqargan. 10 daqiqa ham olmaydigan ish o’z vaqtida bajarilmagani tufayli endi bu kishi advokat yollashi shart. Bu esa katta xarajat va ortiqcha xavotir.
Xo’sh, AQShda istiqomat qilayotgan vatandoshlar yangi manzilga ko’chib o’tganlarida qanday qoidalarga rioya etishlari kerak?
Adres o’zgargani haqida USCISga xabar berish majburiyati
Amaldagi qonunchilikka ko’ra, AQSh fuqarosi bo’lmagan barcha toifadagi immigrantlar yangi manzilga ko’chgan kundan boshlab 10 kun ichida USCIS’ga xabar berishi kerak. Bu majburiyat asosan ikki toifadagi immigrantlarga taalluqli:
- Amerikada vaqtinchalik viza bilan yashayotganlar (turistik viza bilan kelganlar, talabalar, J va H vizada bo’lganlar va hkz.);
- Doimiy rezidentlar (grin karta egalari).
Bu qoida AQSh fuqarolari uchun majburiy bo’lmasa ham, unga amal qilishning katta foydasi bor. Aks holda AQSh fuqarosi topshirgan hujjatlar (masalan, turmush o’rtog’iga grin karta olish arizasi) bo’yicha kelgan qo’shimcha savol va hujjatlardan xabarsiz qolish mumkin.
Biron jazo belgilanganmi?
AQShda adres o’zgargani haqida USCISga xabar bermaslik qonunbuzarlik (misdemeanor) hisoblanib, $200 jarima yoki 30 kunlik qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. Bundan tashqari, kishiga qarshi deportatsiya (removal) jarayoni ham boshlanishi mumkin.
Jazolanmaslik uchun qanday sabab keltirish mumkin?
Tegishli jazo qo’llanilmasligi uchun kishi sababli keltirishi mumkin, ammo u o’rinli bo’lishi kerak. Qonunchilikda bunga “reasonable excuse” deyiladi. Shu bilan birga qilmish qasddan emas, tasodifiy bo’lgani ham ko’rsatilishi kerak. Bu majburiyatni bajarish ko’p holatlarda oson kechmaydi.
Adres o’zgargani haqida USCISga qanday xabar beriladi?
Yangi adres haqida USCIS’ni xabardor etish uchun AR-11 formasini to’ldirishingiz kerak. Buni 3 ko’rinishida amalga oshirishingiz mumkin:
- Formani onlayn tarzda to’ldirish quyidagi linkdan foydalanishingiz mumkin – https://egov.uscis.gov/coa/displayCOAForm.do);
- Formani kompyuterda to’ldirib, USCIS manziliga pochta orqali yuborish (formani bu yerda yuklab olishingiz mumkin – https://www.uscis.gov/ar-11);
- USCIS telefon qilish orqali (1-800-375-5283).
Be the first to comment