Amerikaga turist vizasini olish ehtimoli qanday?

Chet el fuqarolari AQShga qisqa muddatli sayohat qilish uchun B vizasini olishlari kerak. B vizasi noimmigratsiyaviy viza bo’lib, kishiga AQShga tadbirkorlik, turizm va/yoki dam olish maqsadida vaqtincha yashash imtiyozini beradi.

Yiliga dunyo bo’ylab o’rtacha 6 million kishiga B1/B2 vizasi beriladi. 2018 yilda taxminan 7,400 O’zbekiston fuqarosi B1/B2 vizasini olgan. Xo’sh, O’zbekiston fuqarolari uchun B1/B2 vizasini olish ehtimoli qancha? Yaqinda e’lon qilingan statistik ma’lumotlarga ko’ra, O’zbekiston fuqarolariga turist vizasini rad etish ehtimoli ancha baland. Quyida ushbu raqamalarga batafsilroq to’xtalaman.    

Markaziy Osiyo davlatlari orasida turist vizasi rad etilishi ehtimoli:

2018-yilda Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari orasida eng ko’p O’zbekiston fuqarolarining turist vizasi rad etilishi mumkin. 2018-yilda B1/B2 vizasiga murojaat qilganlarning 61,76% rad javobini olgan. Rad javobini eng kam Qozog’iston fuqarolari olgan (39,38%).  

Sobiq Sovet Ittifoqi Respublikalari orasida turist vizasi rad etilishi ehtimoli:

Sobiq Sovet Ittifoqi Respublikalari orasida Gruziya oxirgi uch yilda turist vizasini olish ehtimoli eng kam bo’lgan davlat. O’rtacha murojaat qilganlarning 62% rad javobini oladi. O’zbekiston 2018 va 2016 yillarda Gruziyadan keyin ikkinchi o’rinda kelgan—rad javobini olish ehtimoli o’rtacha 59%.

Turist vizasi eng ko’p rad etiladigan davlatlar o’nligi esa quyidagicha:

Turist vizasi nega rad etilishi mumkin?

B1/B2 vizasi noimmigratsion viza bo’lib, kishiga AQShda vaqtincha yashash imtiyozini beradi. Konsullik xodimlarining vazifasi AQShda viza qoidalarini buzib, belgilangan muddatdan ko’proq yoki doimiy qolib ketishi mumkin bo’lgan kishilarni aniqlash va ularga turist vizasini bermaslik. Shuning uchun B1/B2 vizasiga murojaat qilgan kishi, Konsullik xodimini AQShda vaqtincha bo’lishini, belgilangan muddat o’tganindan keyin esa O’zbekistonga qaytishiga ishontirishi kerak. Bunga noimmigratsion niyatini (“nonimmigrant intent”) ko’rsata olish talabi deyiladi. Noimmigratsion niyatni tekshirishda konsullik xodimi quyidagilarni e’tiborga olishi mumkin:

  • AQShga turist sifatida borish rejasining puxtaligi;
  • Sayohat qilish uchun mablag’ning borligi va yetarliligi, mablag’ning manbayi;
  • O’zbekistonga qaytib kelishingizni ko’rsatuvchi faktorlar (oilangiz, ish joyi, oliy ta’lim dargohida tahsil olayotganligingiz va hkz.); va
  • O’zbekistonda mulkingiz (uy-joy, biznes faoliyat va hkz.).

Bundan tashqari, konsul savollariga haqqoniy javob berish va qalbaki hujjatlardan foydalanmaslik muhim ro’l o’ynaydi. Bunday qilmishga qo’l urgan kishiga kelajakda viza umuman berilmasligi mumkin.  

Be the first to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published.


*