Chetdagi minglab o‘zbekistonliklar o‘zlari bilmagan va istamagan holda fuqarolikdan mahrum qilinishi mumkin

Yuz minglab o‘zbekistonliklar o‘zlari bilmagan va istamagan holda O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum qilinishi mumkin. Chet elda ishlab yurgan yoki yashaydigan kishilar doimo bu tahdid ostida yurganini AQShda faoliyat yurituvchi advokat Mirakmal Niyazmatov tahlil qiladi. O‘zbekiston fuqaroligining qadri qanday?

Bu savolga keng ijtimoiy-siyosiy tahlilsiz to‘liq javob berish mumkin emas. Quyida e’tiboringizni masalaning huquqiy jihatiga qaratamiz: O‘zbekiston davlat idoralari 2014-yil o‘rtalaridan boshlab yuzlab fuqarolarni hech qanday ogohlantirish yoki tegishli huquqiy jarayonsiz fuqarolikdan chiqarib yubordi. Fuqaroligini yo‘qotgan shaxslar bu haqda yillar o‘tibgina xabar topmoqda.

Mazkur noqonuniy jarayonga yo‘l ochib bergan davlat idorasi — Konstitutsiyaviy sud, ya’ni qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshiradigan va qonun normalariga rasmiy sharh beradigan organ (Konstitutsiya, 119-modda). Konstitutsiyaviy sud eng oxirgi qarorini 2014-yilda qabul qilgan bo‘lib, bu hujjat O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotish asoslariga sharh beradi. Afsuski, sudning fuqarolikni yo‘qotish to‘g‘risidagi qarori, avvalgi qarorlari singari, qisqa va hech qanday huquqiy tahlilsiz yozilgan. Uning oqibatida esa yuzlab shaxslar O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotdi.

Bu tartibda fuqarolik yo‘qotilishi qonuniymi? Uning “fuqarolik” tushunchasi va obro‘siga ta’siri qanday?

Fuqarolikni yo‘qotish to‘g‘risidagi qoidaga sharh berish nimaga kerak bo‘ldi?

Fuqarolik to‘g‘risidagi qonunning 21-moddasi birinchi qismining 2-bandida chet elda doimiy yashovchi shaxs besh yil davomida uzrli sababsiz konsullik hisobiga turmagan bo‘lsa, u O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotishi mumkinligi aytiladi. Tashqi ishlar vazirligi Konstitutsiyaviy suddan mazkur qoidani sharhlashni so‘rab, unda doimiy yashash joyidan ro‘yxatdan chiqarishni, doimiy yashash uchun chet elga chiqishga ruxsatni tegishli ravishda rasmiylashtirmasdan va besh yil davomida uzrli sababsiz konsullik hisobiga turmasdan chet elda doimiy yashayotgan shaxslarga nisbatan mazkur normaning qo‘llanilishi mumkinligi masalasini hal qilib berishni so‘ragan.

Konstitutsiyaviy sud qanday qarorga keldi?

Konstitutsiyaviy sud sharh berishni fuqarolik to‘g‘risidagi eng asosiy qoidalarni sanab o‘tish bilan boshlaydi. Jumladan, quyidagilar sanab o‘tiladi:

1) fuqarolik shaxs bilan davlatning doimiy siyosiy-huquqiy aloqasini belgilaydi;

2) hech kim fuqarolikdan yoki fuqarolikni o‘zgartirish huquqidan mahrum qilinishi mumkin emas;

3) hukumat O‘zbekiston hududida va uning tashqarisida o‘z fuqarolarining huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qiladi.

Qo‘shimcha tegishli qoidalarni ham tilga olib o‘tarkan, Konstitutsiyaviy sud “Fuqarolik to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasi birinchi qismining 2-bandiga quyidagicha shart berilsin deb qaror qiladi:

“Chet elda doimiy yashovchi shaxs” deganda o‘rnatilgan tartibda doimiy yashash joyidan ro‘yxatdan chiqqan va doimiy yashash uchun chet elga chiqishga ruxsatni rasmiylashtirgan chet elda yashayotgan shaxslarni ham, doimiy yashash joyidan ro‘yxatdan chiqarishni, doimiy yashash uchun chet elga chiqishga ruxsatni tegishli ravishda rasmiylashtirmasdan chet elda yashayotgans shaxslarniham tushunish lozim. Demak, [“Fuqarolik to‘g‘risida”gi] qonunning 21-moddasi birinchi qismi 2-bandining normasi doimiy yashash joyidan ro‘yxatdan chiqarishni, doimiy yashash uchun chet elga chiqishga ruxsatni tegishli ravishda rasmiylashtirmasdan va besh yil davomida uzrli sabablarsiz konsullik hisobiga turmasdan chet elda doimiy yashayotgan shaxslarga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin.

Afsuski, yuqoridagi xulosani sud hech qanday huquqiy tahlil bilan asoslab bermaydi. To‘rt bet ham chiqmaydigan qarorning birinchi beti butunlay Konstitutsiyaviy sud tarkibi va ma’ruzachilari haqida bo‘lsa, qolgan betlarida turli qonun va qonunosti hujjatlaridan tegishli iqtiboslar keltiriladi. Ammo Konstitutsiya va tegishli qonun normalari alohida muhokama qilinmaydi, huquqiy tushunchalarga sharh berilmaydi, qonun va qonunosti hujjatlari o‘rtasidagi mutanosiblik va ziddiyat tahlil qilinmaydi. Konstitutsiyaviy huquqlar haqida gap ketganda, Konstitutsiyaviy sud hamisha muhokamani alohida huquq yoki qoidaning mohiyati va ahamiyatini muhokama qilishdan boshlashi maqsadga muvofiq. Mazkur ish fuqarolikning yo‘qotlishi haqida. Demak, sud ishni “fuqarolik” tushunchasini muhokama qilishdan boshlashi kerak edi. Fuqarolik mohiyatiga izoh berilmagan taqdirda uning ahamiyati yo‘qoladi, uni istalgancha cheklash mumkin bo‘ladi. Masalan, qiynoqqa solish nimaga taqiqlanishi kerakligini tushunish uchun shaxsiy daxlsizlik tushunchasining mohiyati yoritilishi kerak. Aks holda, deylik, turli bahona bilan (zarurat, milliy xavfsizlik choralari, yuqoridan buyruq va h.k.) qiynoqlar qo‘llanilishini yoqlab, unga ruxsat berilishi mumkin.

Fuqarolarga kafolatlangan huquq va imtiyozlar inobatga olindimi?

Yuqorida ta’kidlangani kabi, sud o‘z qarorini eng asosiy huquq va imtiyozlarni sanab o‘tish bilan boshlaydi. Jumladan, O‘zbekistonda fuqarolik shaxs bilan davlatning doimiy siyosiy-huquqiy aloqasini belgilashi, hech kim fuqarolikdan yoki fuqarolikni o‘zgartirish huquqidan mahrum qilinishi mumkin emasligi va o‘z fuqarolarining huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilishi qayta-qayta ta’kidlanadi. Ammo qarorda bu tushunchalarning fuqarolikni yo‘qotishga bo‘lgan aloqasi haqida biror narsa deyilmaydi.

Masalan, fuqarolik shaxs bilan davlatning doimiy siyosiy-huquqiy aloqasini belgilaydi (“Fuqarolik to‘g‘risida”gi qonun, 1-modda). Bu yerda “doimiy” qanday tushunilishi kerak? Fuqarolikning doimiyligi uning yo‘qotilishiga qanday ta’sir qiladi va, umuman olganda, fuqarolik yo‘qotilishini taqiqlaydimi?

Qolaversa, amaldagi qonunchilikda fuqarolik kishining ajralmas, uzviy huquqi ekaniga yana urg‘u berilib, “hech kim fuqarolikdan mahrum qilinishi mumkin emas”ligi belgilab qo‘yilgan (“Fuqarolik to‘g‘risida”gi qonun, 1-modda). Ushbu qoidalardan kelib chiqadigan bo‘lsak, fuqaroning qilmishlariga qarshi turli ma’muriy va jinoiy choralar ko‘rilishi mumkin, lekin har qanday holatda ham uni fuqarolikdan mahrum qilish taqiqlanadi. Hatto eng og‘ir jinoyatni sodir etgan kishi ham jazo o‘tab bo‘lganidan keyin fuqarolikdan mahrum qilinmaydi. Shunday ekan, O‘zbekiston fuqaroligining ajralmasligi bilan fuqarolikning yo‘qotilishi o‘rtasida qanday aloqadorlik bor? Huquqiy jarayonsiz fuqarolikdan chiqarib yuborilgan shaxs fuqarolikdan mahrum qilindi, deb baholanishi mumkinmi?

Bundan tashqari, hukumat o‘z idoralari va mansabdor shaxslari orqali fuqarolar oldida mas’ulligi aytiladi (“Fuqarolik to‘g‘risida”gi qonun, 1-modda). Ammo Konstitutsiyaviy sud fuqarolik yo‘qotilishi jarayonida davlat mansabdor shaxslarining fuqaro oldidagi vazifalariga umuman to‘xtalmaydi. Fuqarolik non sotib olish uchun navbatda turish degani emasku axir. Kishi fuqarolikdan chiqarilishi o‘ta jiddiy huquqiy oqibatlarga sabab bo‘lgani bois o‘ziga hos huquqiy jarayonga asosan ish ko‘rishni talab etadi. Bu jarayonda fuqarolikni yo‘qotishi mumkin bo‘lgan shaxs va/yoki uning oilasi xabardor qilinishi bilan birga, unga fuqarolikni yo‘qotmasligi uchun imkon ham berilishi kerak.

Shu o‘rinda amaldagi qonunchilikda faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash qoidalarini eslash lozim. Oddiy litsenziya bekor qilinishi uchun bunday qarorni qabul qilgan organ litsenziya egasiga yozma shaklda uch kundan kechiktirmay xabar berishi lozim. Yoki bo‘lmasa ajrashish qoidalarini eslaylik. Er-xotin o‘z xohishi bilan ajrashmoqchi bo‘lsa ham ajrashish uchun eng kamida 6 oygacha muhlat tayinlanishi mumkin (Oila kodeksi, 49-modda). Sudlar esa ajrashish bo‘yicha ishlarni ko‘rishda oilani saqlab qolish yuzasidan choralar ko‘rishi kerak, bunda er-xotin o‘z xohishiga ko‘ra ajrashayotgan bo‘lsa ham. E’tibor bering, ikki balog‘at yoshidagi odam o‘rtasidagi munosabatlarni saqlab qolish uchun shu qadar jiddiy huquqiy jarayon ishlab chiqilgan. Fuqarolik esa nafaqat shaxs va davlat o‘rtasidagi doimiy siyosiy-huquqiy bog‘, balki shaxsni butun millatga bog‘lovchi huquqiy rishtadir. Shunday ekan, nahotki fuqaroligini yo‘qotayotgan kishiga litsenziyasi bekor qilinayotgan yoki o‘z xohishiga ko‘ra ajrashmoqchi bo‘lgan odamlarga beriladigan huquqiy jarayon va kafolatlar berilmasligi kerak?

Albatta, Konstitutsiyaviy sud fuqarolikning doimiliyligi va ajralmasligiga o‘zgacha sharh berib, fuqarolik yo‘qotolishi nima sababdan mumkinligini aytib o‘tishi, davlat organlari nima sababdan qo‘shimcha chora ko‘rish majburiyati yo‘qligini aytishi mumkin edi. Lekin bunday muhokamaning o‘zi yo‘q, buning oqibatida esa O‘zbekiston fuqarosi o‘z fuqaroligini hech qanday huquqiy jarayonsiz yo‘qotmoqda.

Fuqarolikni yo‘qotish qat’iymi, ixtiyoriymi?

Konstitutsiyaviy sud doimiy yashash joyidan ro‘yxatdan chiqarishni, doimiy yashash uchun chet elga chiqishga ruxsatni tegishli ravishda rasmiylashtirmasdan va besh yil davomida uzrli sababsiz konsullik hisobiga turmasdan chet elda doimiy yashayotgan shaxslar fuqaroligini yo‘qotishi mumkin, degan qarorga keldi. Demak, mazkur holatda fuqarolikni yo‘qotish qat’iy emas, ixtiyoriy qoida bo‘lsa, kishilar qaysi mezonga ko‘ra yoppasiga fuqarolikdan chiqarib yuborildi? Minglab konsullik hisobiga turmasdan chet elda doimiy yashayotgan fuqarolar orasidan nimaga ba’zi kishilar tanlab olinib, fuqarolikdan chiqarib yuborildi, boshqa guruh qarshi hech qanday chora ko’rilmadi. 

Qolaversa, Prezidenti huzuridagi fuqarolik masalalari bo’yicha Komissiya (bundan keyin, Komissiya) tarkibi huquqshunoslardan tashkil topmagan. Uning ishlash tartibi tortishuvlik tamoyili asosida amalga oshirilmaydi, fuqaro mazkur jarayonda faol qatnashishi, advokat tomonidan himoya qilinishi, o’ziga qarshi keltirilgan da’volarni rad etish kabi imkoniyatlarga ega emas. Bu kamchiliklar fuqarolikni yoqotish asoslarini ko’rib chiqishda huquqiy masalalarga noto’g’ri baho berilishiga yo’l ochib beradi.

Xalqaro huquq talablari buzilyaptimi?

Umumjahon inson huquqlari deklaratsiyasining 15-moddasiga binoan, hech kim asossiz yoki o‘zboshimchalik bilan fuqarolikdan mahrum etilishi mumkin emas. “Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi paktning 12-moddasi 4-bandida esa hech kim asossiz o‘z mamlakatiga kirish huquqidan mahrum etilishi mumkin emas deb ta’kidlanadi. “Fuqarolik to‘g‘risida”gi qonunning 45-moddasida aytilishicha, basharti xalqaro shartnomada o‘zgacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi. Yuqoridagi tahlilimiz esa Konstitutsiyaviy sud yoqlagan fuqarolikni yo’qotish asoslari va jarayoni jiddiy nuqsonlarga egaligini ko’rsatadi. Demak, amaldagi fuqarolikdan chiqarish tartibi asossiz va o’zboshimchalik bilan bajarilgani tufayli, O’zbekiston xalqaro huquqiy majburiyatlarini qo’pol buzib kelmoqda.

Xulosa o’rnida

Huquqiy davlat qurish va qonun ustivorligini ta’minlash mashaqqatli jarayon. Bu jarayonda xatolar va kamchiliklar ko’p boʻlishi tabiiy hol. Ammo Konstitutsiyaviy sud huquqiy jumboq va noaniqliklarga sharh beruvchi eng yuqori davlat organi. Uning faoliyatida beparvolik va e’tiborsizlikka yo’l qo’yish mumkin emas. U chiqargan qarorlarning sifatiga qarab O’zbekistonda mustaqil sudlov va qonun ustivorligiga bo’lgan ham milliy, ham xalqaro hurmat shakllanadi.  

Huquq va imtiyozlarning tegishli huquqiy jarayonsiz cheklanishi davlat idoralariga bo’lgan hurmat va ishonchni sindiradi, tegishli huquq/imtiyozni esa, masalan, fuqarolikni, e’tiborsizlantiradi. Shuning uchun hokimiyat organlari faoliyatidagi xato-kamchiliklarni tan olish va ularni to’g’rilash islohotlar markazida bo’lishi kerak. Konstitutsiyaviy sud fuqarolik yo’qotilishi to’g’risidagi qarorini qayta ko’rib chiqishi va tegishli huquqiy jarayonsiz fuqarolikdan chiqarib yuborilgan kishilarning huquq va imtiyozlari tiklanishi kerak.

Be the first to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published.


*