Ijtimoiy yordam dasturlaridan foydalangan kishilarga grin karta berilmaydimi?

22-sentyabrda AQSh hukumati “Davlat byudjeti uchun yuk bo’lgani tufayli grin kartaga noloyiq deb topish” (Inadmissibility on Public Charge Grounds) to’g’risidagi qoidalarini (bundan buyon Qoidalar) e’lon qildi. Qoidalar taklif ko’rinishida bo’lib, unda bundan buyon ijtimoiy yordam dasturlaridan foydalanadigan kishilar uchun AQShda doimiy yashash imtiyozi (grin karta) berilmasligi taklif qilinadi. Asosiy sabab–davlat byudjeti uchun yuk bo’ladigan («public charge») kishilarga AQShda doimiy qolish imkoniyatini cheklash. Bunday choralar avval ham bo’lgan, ammo o’z ichiga asosan pul ko’rinishidagi ijtimoiy yordam dasturlarini qamrab olgan edi. Yangi qoidalar esa barcha ko’rinishdagi ijtimoiy yordam dasturlarini o’z ichiga oladi.

Qoidalar haqida menga berilgan eng asosiy savollarni jamlab, ularga quyida javob berishga harakat qilaman.

“Public charge” nima degani?

Taklif qilinayotgan qoidalarda “public charge” deb daromadi kamligi tufayli yashash uchun hukumat yordamiga suyanib qoladigan kishilar nazarda tutilgan.

Taklif qilinayotgan qoidalar kuchga kirdimi?

Yo’q, yangi qoidalar taklif ko’rinishida bo’lib, kuchga kirishi uchun oylab vaqt ketishi mumkin. Shu sababli, hozir ijtimoiy yordam dasturlaridan foydalanishga jiddiy ehtiyojingiz bo’lsa, foydalanishda davom etishingiz mumkin.

Yangi takliflar kuchga kirishidan avval hukumat tomonidan federal register’da rasmiy chop etilib, keng jamoatchilik fikr bildirilishi uchun 60 kun muddat beriladi. Shundan keyingina hukumat qoidalarning oxirgi ko’rinishini e’lon qilib, qachondan kuchga kirishini belgilaydi. Agar taklif qilinayotgan qoidalar ustidan sudga da’vo arizasi topshiriladigan bo’lsa, ularning rasmiy kuchga kirishi yana ham kechikadi.

Yangi qoidalar ijtimoiy yordam dasturlaridan foydalanayotgan grin karta egalariga fuqaro bo’lish jarayoniga (naturalization) salbiy ta’sir ko’rsatadimi? Shu sababli fuqarolik rad etilishi mumkinmi?

Yo’q, yangi taklif qilinayotgan qoidalar naturalizatsiya jarayoniga salbiy ta’sir qilmaydi. Grin karta egasi sifatida ijtimoiy yordam dasturlaridan foydalanish uchun loyiq bo’lsangiz, bunday dasturlardan foydalanishinigiz mumkin.

Men hujjatsiz immigrant bo’lganim sababli hech qanday ijtimoiy yordam dasturidan foydalanolmayman. Ammo AQSh fuqarosi bo’lgan farzandlarim bor va ular fud stemp (food stamp) va/yoki Medicaid’dan foydalanadilar. Bu holat mening kelajakda grin kartaga murojaat qilganimda salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkinmi?

Yo’q, AQSh fuqarosi bo’lgan farzandlaringiz uchun olingan ijtimoiy yordam ota-onalarga berilishi mumkin bo’lgan imtiyozlarga (hususan, grin karta olishga) ta’sir qilmaydi.

Yangi taklif qilinayotgan qoidalar siyosiy boshpana (political asylum) maqomida bo’lganlarga ham tegishlimi?

Yo’q, siyosiy boshpana (asylee) yoki qochqin (refugee) maqomida bo’lgan kishilarning grin karta murojaatlariga salbiy ta’sir ko’rsatmaydi.

Medicaid’dan foydalanish ham e’tiborga olinadimi?

Ha, yangi Qoidalarga ko’ra Medicaid’ning kam daromadli oilalar uchun mo’ljallangan dasturlaridan foydalanish ham e’tiborga olinadi (“Emergency medical care” ya’ni tez tibbiy yordam xizmatidan foydalanish bundan mustasno).

Kishi AQShga kelganidan keyin qisqa muddat foodstamp yoki Medicaid’dan foydalangan bo’lsa, unga grin karta berilmaydimi?

Yo’q, ijtimoiy yordam dasturlaridan foydalangan har kim uchun endi grin karta berilmaydi, deb xulosa chiqarish to’g’ri emas. Har bir arizaga umumiyat bilan qaraladi («totality of circumstances»). Bunda immigrantning qay turdagi ijtimoiy yordam dasturidan, necha yil davomida foydalangani ham e’tiborga olinadi. Masalan, siz talaba bo’lgan vaqtingizda farzandlaringiz uchun Foodstamp dasturidan foydalangansiz. Ammo o’qishni tamomlab, hozir yaxshi ish egasisiz. Mazkur holatda sizning grin karta murojaatingiz rad etilishi ehtimoli juda kam. Ammo AQShga kelganingizdan beri turli ijtimoiy yordan dasturlaridan foydalanib kelayotgan bo’lsangiz va bu holat hech qanday o’zgarishsiz yillar mobaynida davom etayotgan bo’lsa, unda sizga grin karta berilmasligi ehtimoli ortadi.

 

2 Comments

Leave a Reply

Your email address will not be published.


*