Daromad solig’i: immigrantlar e’tibor berishi kerak bo’lgan 5 jihat

Soliqlar
Uzbek Immigrant

Hozir Amerikada “tax season”, ya’ni daromad solig’ini to’lash vaqti. Tegishli daromad solig’i deklaratsiyasini to’ldirib, joriy yilning 17 apreligacha topshirish kerak. Amerikada, immigratsion maqomi qanday bo’lishidan qat’iy nazar, daromad ko’rgan har kim daromad solig’ini to’lashi kerak. Quyida immigrantlar daromad solig’i deklaratsiyasini to’ldirishda e’tibor berishi kerak bo’lgan 5 jihat haqida gap ketadi.

1. Immigratsion maqomingiz qanday bo’lishidan qat’iy nazar daromad solig’i deklaratsiyasini topshiring

Amerikada soliqlar kishining immigratsion maqomiga qarab to’lanmaydi. Amerika fuqarosi, grin karta egasi yoki hujjatsiz immigrant bo’lishingizdan qat’iy nazar, ishlab daromad topayotgan har kim daromad solig’i to’lashi kerak.

Daromad solig’ini to’lash borasida tushunmovchilik asosan hujjatsiz immigrantlar orasida ko’p uchraydi. Daromad solig’i deklaratsiyasini to’ldirishda SSN raqamini (Social Security Number) kiritish talab etiladi. SSN raqami esa hujjatsiz immigrantlarga berilmaydi. Natijada, daromad solig’ini to’lashim shart emas ekan, degan tushuncha paydo bo’lishi mumkin. SSN raqami bo’lmagan immigrantlar daromad solig’ini to’lash uchun ITIN (Individual Taxpayer Identification Number) raqamini olishlari mumkin. IRSInternal Revenue Service (ya’ni Amerika soliq xizmati) hujjatsiz immigrantlarning ITIN ma’lumotlarini immigratsiya xizmatiga bermaydi.

Amerikada 12 millionga yaqin hujjatsiz immigrant bor. Hukumat hamisha bu muammoni qanday hal etish ustida bosh qotiradi. Soliqlarni to’lab yurish AQSh qonunlariga hurmat ko’rsatish va amal qilishni anglatgani uchun, hujjatsiz immigrantlarga qonuniy maqom berish haqida gap ketganda hamisha soliqlarni muntazam to’lab borish qonuniy maqom olish shartlarinidan biri sifatida sanab o’tiladi.

2. Soliqqa tortilishi mumkin bo’lgan daromadni yashirmang

Qasddan daromad solig’ini to’lamaslik yoki daromadni yashirish jinoyat hisoblanadi (tax evasion). Jinoyat qonunchiligida nazarda tutilgan javobgarlikdan tashqari, soliq to’lashdan bo’yin tovlash immigratsion maqomingiz va imtiyozlarga jiddiy salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. Masalan, Amerikaga fuqaroligini olish uchun ariza topshirganda (naturalization), grin karta egasi “yaxshi axloq egasi” (a person of good moral character) ekanligini ko’rsatishi kerak. Soliq to’lashdan bo’yin tovlash esa kishini yaxshi axloq egasi emas, deb topilishiga sabab bo’lishi mumkin. Bundan tashqari, agar grin karta egasi soliq to’lashdan bo’yin tovlagani sababli jinoiy javobgarlikka tortilsa, bunday jinoyat “axloqiy buzuqlik” jinoyati (a crime of moral turpitude) hisoblanadi (Carty v. Ashkroft). Bunday jinoyatni sodir etgan kishi esa deportatsiya qilinishi mumkin.

3. Nikoh samimiy niyat bilan tuzilganini ko’rsatadi

Amerika fuqarosi yoki grin karta egasi bilan nikoh qurgan kishiga grin karta beriladi. Ammo bunda bajarilishi kerak bo’lgan bir necha shartlar mavjud. Bunday shartlardan biri bu nikoh samimiy niyat bilan (good faith marriage) qurilganini ko’rsatishdir. Nikoh qurish orqali grin kartaga murojaat qilayotgan er-xotindan hamisha bir necha yillik daromad solig’i deklaratsiyalarini topshirish talab etiladi. Bunda, masalan, er daromad solig’i deklaratsiyasini xotini bilan birga (married filing jointly) topshirish o’rniga o’zi alohida (single) topshirgan bo’lsa, unda immigratsiya xodimi er-xotin birga yashamasligi, nikoh esa samimiy niyat bilan qurilmagan, degan xulosaga borishi mumkin. Natijada nikoh qurish asosida grin karta olishga topshirilgan ariza rad etilishi mumkin.

4. Oila a’zolaringizni olib kelishda muhim ahamiyatga ega

Amerika fuqarosi yoki grin karta egasi ba’zi oila a’zolarini chaqirib olishi mumkin. Bunda oila a’zosini chaqirib olish uchun arizani topshirayotgan Amerika fuqarosi yoki grin karta egasi Affidavit of Support (Form I-864) nomli hujjatni ham topshirishi kerak. Mazkur hujjat chaqirilib olinayotgan oila a’zosi harajatlarini qoplash uchun yetarli daromad bor ekanligini ko’rsatuvchi hujjat hisoblanadi. I-864 forma bilan birga eng kamida oxirgi ikki yil uchun daromad solig’i deklaratsiyalari ham topshirilishi talab etiladi, chunki formada kishining yillik daromada necha pul ekanligi ko’rsatilgan bo’ladi. Agar kam soliq to’lash maqsadida yillik daromad ham kam ko’rsatilgan bo’lsa (masalan yiliga $60,000 o’rniga $35,000), unda immigratsiya xizmati xodimi daromadingiz qo’shimcha oila a’zolarini Amerikaga chaqarib olish uchun yetarli emas, degan xulosaga borishi va arizangizni rad etishi mumkin.

5. Soliq to’lashning grin kartaga ta’siri

Grin karta (doimiy rezident) maqomini yo’qotish sabablari haqida avvalgi maqolamda yozgan edim. Agar grin karta egasi chet elda 6 oydan ko’p, lekin 1 yildan kam vaqt o’tkazsa, aeroportdagi immigratsiya xodimi unga qo’shimcha savollar berishi mumkin. Mazkur savollar asosan chet elga qilingan sayohat vaqtinchalik yoki doimiy bo’lganini aniqlashga qaratilgan bo’ladi. Sayohatingiz vaqtinchalik bo’lganini, va Amerika bilan doimiy rishtalarni uzmaganingizni ko’rsatishda daromad solig’i deklaratsiyasini ko’rsatishingiz mumkin. Ya’ni, agar soliqlarni muntazam rezident sifatida to’lab yurgan bo’lsangiz, demak Amerikada doimiy yashash niyatidan voz kechmaganingizni ko’rsatadi. Aksincha, agar Amerikada daromad solig’i to’lamagan bo’lsangiz yoki soliqlarni norezident sifatida to’lagan bo’lsangiz, demak Amerikada doimiy yashash niyatingiz yo’q ekanligini ko’rsatishi mumkin.

Daromad solig’i deklaratsiyasini to’ldirishda yuqorida muhokama qilingan jihatlarga e’tibor bermagan bo’lsangiz, immigratsiya ishlari bo’yicha advokat bilan maslahat qilishingiz maqsadga muvofiq bo’ladi.

Be the first to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published.


*