
Grin karta Amerikada doimiy yashash (Permanent Resident) huquqini beruvchi hujjat. Grin kartani qo’lga kiritish mashaqqatli va yillar davom etadigan jarayon bo’lishiga qaramasdan, uni arzimagan xato sababli bir zumda yo’qotish mumkin. Shunday holatlardan biri grin karta maqomini tark etish tufayli ro’y beradi. Amerika immigratsiya huquqida bunga “abandonment” deyiladi. Xo’sh, qaysi holatlarda kishi grin karta maqomini tark etgan hisoblanadi?
Chet elda uzun muddat qolish
Amerikada grin karta kishiga juda ko’p imtiyozlar beradi. Shular ichiga chet elga sayohat qilgan kishi Amerikaga vizasiz kirib kelish huquqi kiradi. Grin karta egalari sayohatdan keyin Amerikaga kirib kelishda grin karta va pasportlarini ko’rsatib o’tadilar. Ammo chet elda uzun vaqt o’tkazgan kishining grin kartasi Amirikaga kirib kelishda (port of entry) olib qo’yilishi mumkin. Ho’p, muammo tug’dirishi mumkin bo’lgan “uzun muddat” nima? Qaysi holatlarda grin karta olib qo’yilishi mumkin?
Umuman olganda, qonunchilikda grin karta egasi chet elda aynan necha kun/oy/yil qolishi mumkinligi haqida aniq qoida mavjud emas. Ammo rasmiy hukumat manbalarida chel elda “uzun muddat” (“extended period of time”) qolgan kishi grin karta maqomini tark etishi mumkinligi aytiladi. Tegishli qonunchilik va mutahassislarning sharhiga ko’ra, quyidagi ikki holatni alohida ta’kidlash mumkin:
- Agar grin karta egasi chet elda 1 yildan kam (ba’zi mutahassislarga ko’ra 6 oydan ko’p) vaqt o’tkazsa, aeroportdagi immigratsiya xodimi undan qo’shimcha savollar berishi mumkin. Savollar asosan chet elda 6 oydan ko’p qolganingizga qaramasdan mazkur sayohat vaqtinchalik bo’lganini, Amerika bilan “doimiy” bog’ni saqlab qolganingizni aniqlashga qaratilgan bo’ladi. Mazkur bog’ni ko’rsata olmasangiz, immigratsiya xodimi Amerikada doimiy yashash niyatidan voz kechgansiz, deb xulosa chiqarishi mumkin.
- Agar grin karta egasi chet elda 1 yildan ko’p vaqt o’tkazsa (hususan, 8 CFR §211.1(a)(2)ga qarang), Amerikaga qaytib kirish uchun yaroqsiz holga kelishi, immigratsiya xodimi esa grin karta maqomini tark etti, deb hisoblashi mumkin.
Chet elda 6 oydan ko’p qolgan kishi sayohat vaqtincha bo’ganini qanday ko’rsatishi mumkin?
Yuqorida aytilganidek, agar grin karta egasi chet elda 6 oydan ko’p, lekin 1 yildan kam vaqt o’tkazsa, aeroportdagi immigratsiya xodimi undan qo’shimcha savollar berishi mumkin. Mazkur savollar asosan chet elga qilingan sayohat vaqtinchalik yoki doimiy bo’lganini aniqlashga qaratilgan bo’ladi. Sayohatingiz vaqtinchalik bo’lganini quyidagilar bilan ko’rsatishingiz mumkin:
- Sayohat qisqa muddat uchun qilingan (masalan, yaqin oila a’zosi kasalligi tufayli);
- Sayohat bir oz uzun davom etganiga qaramasdan, Amerikada oilaviy rishtalarni saqlab qolgansiz;
- Amerikada ish joyingiz bormi;
- Amerikada daromad soliqlarni resident sifatida o’z vaqtida to’lab yurgansiz;
- Amerikada bank hisobingiz ochiq qolgan bo’lib, to’lovlarni o’z vaqtida amalga oshirib yurgansiz;
- Amerikada sizning nomingizga rasmiylashtirilgan uy-joy bor (masalan, ko’chmas mulkka egalikni ko’rsatuvchi hujjat, ya’ni “deed” yoki kira shartnomasi “lease agreement”)?
Yuqoridagi ma’lumotlar siz chet elga vaqtinchalik sayohat qilganingizni va Amerikada doimiy yashash niyatidan voz kechmaganingizni ko’rsatadi.
Re-entry permit nima?
Yuqoridagi holatlarga tushmaslik uchun “re-entry permit” (“qaytib kirish ruxsati”) nomli hujjatga murojaat qilishingiz mumkin. Agar Amerika tashqarisida 1 yildan uzun muddat qolmoqchi bo’lsangiz, unda re-entry permitga murojaat qilishingiz shart.
Re-entry permit grin karta egasiga chet elda ikki yilgacha qolish huquqini beradi. Re-entry permit’ni olish uchun, I-131 formasini (Form I-131) to’ldirib, tegishli USCIS ofisiga yuborishingiz kerak. Mazkur hujjat sayohat qilishingizndan eng kamida 60 kun avval topshirilishi kerak.
Aeroportda hujjatga imzo qo’yishda ehtiyot bo’ling
Demak, 1 yildan ko’p davom etgan sayohatdan keyin Amerikaga kirishda immigratsiya xodimi sizni doimiy rezident maqomidan voz kechishda shubha qilishi mumkin. Bunda xodim sizga I-407 (Form I-407) imzolashni buyurishi mumkin. Mazkur hujjatga hech qachon imzo qo’ymasligingiz kerak. Mazkur formaning to’liq nomi “Record of Abandonment of Lawful Permanent Resident Status” bo’lib, grin kartadan, ya’ni Amerikada doimiy yashash huquqidan voz kechayotgan kishi tomonidan to’ldiriladi. Shu sababli, I-407 formasiga imzo qo’yish doimiy rezident maqomingizdan ixtiyoriy ravishda voz kechayotganingizni bildiradi.
Grin kartani qo’lga kiritish oson emas. Shunday ekan uni bekor qilinishiga sabab bo’ladigan holatlardan ehtiyot bo’ling.
Be the first to comment