Ingliz tilini tez o’rganish uchun 5 maslahat

Menga eng ko’p beriladigan savollardan biri til o’rganish bilan bog’liq: “Ingliz tilini qanday tezroq o’rgansam bo’ladi?” Shu sababli, mazkur maqolada har qanday til o’rganishda asosiy e’tiborni nimaga qaratish kerakligi haqida 5 maslahat bermoqchiman.

1. Maqsadni aniq belgilab oling

Aniq maqsadsiz biron ishda, hususan til o’rganishda, muvaffaqiyatga erishish mumkin emas. Shu sababli, ingliz tilini o’zi nimaga o’rganmoqchi ekanligingiz haqida mulohaza qiling. Talabaligimda o’qishdan keyin xususiy til o’rgatish markazida ingliz tilidan dars berganman. Ilk darsni hamisha “Why do you want to study English?” savolidan boshlar edim. Afsuski, sinfning yarmidan ko’pi aniq maqsadni ayta olmas edi. Soddalik bilan “Ota-onam yuborayapti, foydasi tegib qolar,” deydiganlar ko’p uchrar edi.

Til o’rganish uzun va mashaqqati jarayon bo’lgani sababli, bu yo’lga aniq maqsadsiz chiqqan kishi tilni hech qachon o’rgana olmaydi. Aksincha, oldingizga qo’ygan maqsadingiz qancha jiddiy bo’lsa, til o’rganish shuncha tez va samarali kechadi.

Maqsadni hamma shart-sharoitidan kelib chiqib belgilashi mumkin. Masalan, maktab talabasi “Ikki yil ichida ingliz tilini o’rganib, Vestminster universitetiga grant asosida o’qishga kiraman” deb maqsad qilishi mumkin. Talaba esa “TOEFLga tayyorlanib, Amerika universitetlariga grant asosida magistraturaga o’qishga kiraman” deb niyat qilishi mumkin. Ishbilarmon kishi esa “Ingliz tilini o’rganish orqali biznesimga tegishli yangi know-how’larni o’rganib, kompaniyamni 5 yilda dunyo bozoriga olib chiqaman” deb maqsad qo’yishi mumkin. Unutmang, maqsad qanchalik jiddiy bo’lsa, til o’rganish shuncha tez va samarali kechadi.

2. Til asosini takrorlash tashkil etadi

Tilni doimiy takrorlashsiz o’rganib bo’lmaydi. Kuniga 10 yangi so’z yodlashingiz mumkin, ammo bu so’zlarni 1-2 kundan keyin takrorlamasangiz esingizdan chiqib ketishi aniq. Bunda eng samarali yo’llardan biri flesh kartalardir (flash cards). Yoki bo’lmasa, ko’zingiz eng ko’p tushadigan joylardan samarali foydalanishingiz mumkin. Shaxsan men kompyuter monitori atrofi va karavotim taxtasiga yangi o’rgangan so’zlarni kichik qog’oz parchasiga yozib yopishtirib qo’yardim.

3. Muloqot qiling

Til muloqot vositasidir. Shu sababli tilni o’rganish va rivojlantirish uchun, tabiiyki, muloqot qilishingiz kerak. Men talaba bo’lgan vaqtlarimda turli kutubxona va resurs markazlarida Speaking Club’lar bo’lar edi. Hali ravon gapira olmasangiz ham ishtirok etishga qo’rqmang. Tilni bilishiga qaramasdan bu kabi suhbatlarda ishtirok etishga uyalgan kishidan tilni hali tuzukroq bilmasa ham, gapirishga harakat qilgan kishi yutadi. Xullas, uyalmang, xatolar bilan bo’lsa ham gapiring.

Yoki bo’lmasa, davomiy ingliz tilini mashq qilish uchun sherik toping. Tilni bir yoki bir-nechta sherik bilan o’rganishning yana bir foydali tomoni shundaki, bu usul sheriklar orasida o’ziga hos raqobat muhitini yaratadi. Mahalladoshingiz yoki maktabdagi sinfdoshingiz sizga sheriklik qilishi mumkin. Har hafta eng kamida 30 yangi so’z yod olishga va yakshanba kuni uchrashib, bir-biringizni sinashga kelishib olsangiz, sherigingizdan orqada qolmaslik uchun so’zlarni albatta yodlashga harakat qilasiz.

4. Til o’rganish jarayonini hayot tarzingizga moslab boring

Ingliz tilini o’rganish jarayonini hayot tarzingizga moslab boring. Masalan, har kuni universitetga metroda qatnasangiz kuniga eng kamida 30-40 daqiqa vaqtingiz metroda kechadi (har tomonga15-20 daqiqa hisoblaganda). Demak, metrodagi vaqtingizdan unumli foydalanish uchun turli Listening Comprehension’ni rivojlantirishga qaratilgan mashqlarni tinglab ketishingiz mumkin (masalan, Investudy English podkastlarini). Yoki bo’lmasa, men talaba bo’lgan vaqtlarimda darslar bekor qilinishi ko’p uchrardi. Bu degani orada eng kamida 1 soat keyingi darsni kutishim kerak edi. Sizda ham shu kabi holatlar uchrab tursa, bu vaqtni kutubxonaga kirib faqat ingliz tili bilan bog’liq bo’lgan ishlarga sarflashingiz mumkin. Yoki bo’lmasa, turli janrlarda kino ko’rmaydigan kishi topilmasa kerak. Kino ko’rmoqchi bo’lsangiz, uni ingliz tilida subtitrlari bilan tamosha qiling.

5. Smartfoningizdan samarali foydalaning

Til o’rganish uzun va mashaqqatli jarayon bo’lgani sababli, uni iloji boricha osonlashtirishga harakat qilishingiz kerak. Bunda sizga smartfoningiz qo’l keladi. Smartfonlarga o’rnatib olish mumkin bo’lgan bepul ingliz tilini o’rganish dasturlari bor. Ular orasida eng mashhurlari bu Duolingo va Memrise. Duolingo va Memrise bir biriga o’xshaydi. Ammo eng birinchi ko’zga ko’rinadigan farqi Duolingo’da so’zlar ko’proq American English’da, Memrise’da esa British English’da talaffuz etiladi. Ingliz tilini bir oz bilgan kishi esa TED suhbatlarini tinglashi mumkin. Smartfoningizga TEDni o’rnatganingizdan keyin, Settings bo’limida English subtitles’ni tanlasangiz, suhbatni subtitrlar bilan tinglashingiz mumkin.

Ingliz tilini o’rganish oson emas. Bunda sizga oldingizga aniq maqsad qo’yish, yangi so’zlarni davomiy takrorlab borish, fursat bo’lganda uyalmasdan muloqot qilish, ingliz tilini o’rganish jarayonini hayotingizga moslashtirib borish va nihoyat, texnologiyadan samarali foydalanishni talab etadi. Omad!

 

25 Comments

  1. Mirkamol aka uziz haqizda,qayerda uqiganiz va aqshga qachon va qaysi yo’l blan keganiz haqida va albatta kurgan qiynchliklariz aqshsa yashahsh davomida, shula haqida bir hikoya qilsangiz juda qziq bular edi(aynan man uchn). Katta rahmat. Ishingizga omad..

  2. kechirasizlar tekshirib ko`rdim.Meni ingliz tilini o`rganishimdan maqsad shuki ingliz tilining foydasi juda katta men uchun,qolaversa ingliz tili jahon tilidir.

  3. Malumotlar uchun kattakon rahmat. Sizga bir savolim bor edi: AQShga magistraturaga oilaviy ham ketsa boladimi yani men magistraturaga kirsam turmush ortogim va farzandimni ham olib keta olamanmi?

    • Umuman olganda oilasi bo’lgan kishilarga F1 talaba vizasi berilmasin, degan qoida mavjud emas. Ammo Konsullik xodimi butun oila uchun xarajatlar qanday to’lanishi haqida so’raydi albatta. Buni ko’rsatish oson bo’lmaydi.

  4. Ассалому алайкум. Агар имкон булса университет имтихонлари учун Математика фанини тез узлаштириш ва бошка маслахатлар буйича макола чикарсангиз жуда хурсанд булардик. Олдиндан рахмат!

  5. Кузимизга эришиб булмайдигандек куринадиган нарсалар бор уларга эришганлар учун эса оддий мехнат ва омаддек туюлади. Аслида астойидил килинган максаж сари мехнат албатта самарасини беради. Кимлар учун биз чуккимиз,кимлардир ютз учун чукки доимо чуккиларни зают этиш гасию килсин 😊

  6. Assalomu alekum man am rasa ingliz til in I or gang I’m kevoti til organiwga rasa qiziqaman Leon bilmima organomayamma wings azgina maslahat bersela hursan bolardm

  7. Salom men Hali 8-sinfman ingilistilini5-sinfdan beri õrganam ammo 3yildan buying hech qaysi ustozlar tõg’ri õrgatmaydi birinchisiga borsam boshidan ikkinchisiga borsam Yana boshidan xullas shunday men hozirda sõngi ustozga boryapaman shu ustozim yaxshi õrgatadilar Men inyazga topshirmoqchiman 5ta fanga tayyorlanishim kerak ammo Hali ham ingilistilini õrganganim yoq Menda aniq maqsad bor ammo 5 ta fanni qanday qilib 3 til ichida õzlashtiraman????

Leave a Reply

Your email address will not be published.


*