Amerikada hamshira bo’lish jarayoni

Vatandoshlarimiz orasida turli kasb egalarini uchratish mumkin. Oxirgi yillarda tibbiyot sohasida jiddiy yutuqlarga erishayotgan vatandoshlarimiz soni ko’payayapti. Hususan ular orasida hamshira bo’lib ishlayotganlar soni ortmoqda. Mutaxassislarga ko’ra, Amerikada RN hamshiralarga bo’lgan ehtiyoj 2026 yilgacha 15% ortadi.

Bugungi suhbatdoshimiz Nilufar Salimova. Asli Samarqand shahridan bo’lib, Nyu York shtatiga 2009 yilda oilasi bilan immigratsiya qilgan. Nilufar Amerikaga kelganida ingliz tilini bilmasdi. Tez orada ASA kollejida (ASA College) tilni mukammal o’rganib, tibbiyot sohasida tahsil olish bo’yicha orzularini amalga oshirishga kirishdi. Amerikaning eng nufuzli universitetlaridan bo’lmish Nyu York universitetiga (New York University) hamshiralik yo’nalishiga o’qishga kirib, muvaffaqiyatli bitirdi. Bugun esa Nilufar RN hamshira (Registered Nurse: Amerikada hamshiralarning bir necha turi mavjud bo’lib, mazkur maqolada Registered Nurse bo’lib ishlashni RN hamshirasi deb nomladik) bo’lib ishlaydi.

Nilufar bilan RN hamshira bo’lish mashaqqatlari haqida suhbat qildik. Xo’sh, Nilufar bu kasbni nimaga tanladi? Hamshira bo’lish mas’uliyatlari nimadan iborat? RN hamshira bo’lish uchun qanday bosqichlardan o’tish kerak?

Nimaga RN hamshirasi bo’lishni maqsad qildingiz?

Har bir inson voyaga yetib o’zligini anglay boshlar ekan, u atrof muhitidagi insonlar, sodir bo’layotgan voqealar, qisqa qilib aytganda uni qamrab olgan kichik dunyosiga qarab o’z dunyosini qura boshlaydi. Mening RN hamshira bo’lishimga bir qator omillar turtki bo’ldi. Birinchidan, men doimo tibbiyot sohasida qiziqib kelganman va bemorlar bilan bevosita muloqotda bo’lib, ularning og’ir damlarida yonlarida bo’lib hayotlarini saqlab qolishda o’z hissamni qo’shishni maqsad qilganman. Bu maqsadga nafaqat RN hamshirasi, balki shifokor, shifokor yordamchisi (Physician Assistant) va boshqa bir qator kasb egalari bo’lib ham erishish mumkin. Lekin men bir necha oy shifoxonalarda amaliyot o’tkazib, men uchun aynan RN hamshirasi bo’lish maqsadga muvofiq yo’l ekanligiga amin bo’ldim.

RN hamshirasi bo’lish bosqichlari nimadan iborat?

AQSHda RN bo’lish uchun avvalo o’rta maktab diplomiga (High School Diploma) ega bo’lish kerak. Undan keyin esa ushbu yo’nalish bo’yicha bo’limi bor bo’lgan kollej/universitet (AQSHda “college” universitetni bildiradi) ga kirib, 4 yil davomida Bakalavr darajasi diplomini egallash kerak.

Avvalo 1.5-2 yil davomida maxsus tayyorlov kurslarini namunali tugatib olish zarur. Bular asosan biologiya, mikrobiologiya, odam anatomiyasi, kimyo, statistika, ingliz tili adabiyoti, psixologiya va bir qator boshqa darslardan tashkil etadi. Undan keyin esa “nursing” (hamshiralik) sohasiga kirish uchun talab etiladigan kirish imtihoniga tayyorgarlik ko’rib, imtihonni muvaffaqiyatli topshirish kerak. Dasturga qabul qilingandan so’ng esa yana 1.5-2 yil davomida maxsus hamshiralik kurslari olinadi. O’qishning oxirgi yili asosan amaliyot mashg’ulotlari bilan o’tadi. Hamshiralik kurslarini muvaffaqiyatli tugatgandan so’ng Bakalavr diplomi beriladi.

Diplomga ega bo’lganingizdan so’ng esa oxirgi bosqich, davlat imtihoniga tayyorgarlik ko’rishingiz kerak. Bu imtihon NCLEX deb nomlanib, unda sizning 4 yil davomida egallagan bilimlaringiz imtihon qilinadi. Ushbu imtihondan muvaffaqiyatli o’tganingizdan keyingina sizga litsenziya, ya’ni amaliyot/ishlash huquqi beriladi.

Shu soha bo’yicha AQSHdagi universitetlarga hujjat topshirmoqchi bo’lganlar nimalarga e’tibor berishlari kerak?

Universitetlarda ushbu yo’nalishda ayni damda raqobat kuchli bo’lgani uchun, kirish oldidan ma’lum darajadagi baho reytingiga (GPA) ega bo’lish, jamiyatdagi faollik ishlarini ko’rsatish (social activism and volunteering), tavsiyanomalarga (recommendation letters) ega bo’lish va albatta kirish imtihonini qoniqarli darajada topshirish kerak bo’ladi.

RN bo’lish uchun maxsus imtihondan o’tish talab etiladimi?

Yuqorida ta’kidlanganidek, NCLEX deb nomlangan davlat imtihonidan o’tilsagina RN litsenziyasi va ishlash huquqi beriladi. Ushbu davlat imtihoni o’ziga yarasha qiyin bo’lib, unga jiddiy tayyorgarlik ko’rish kerak. Imtihonni qoniqarli topshira olmaganlarga ma’lum vaqtdan keyin qayta topshirish imkoni beriladi.

Ish qidirish jarayoni qanday kechadi?

Ishga kirish jarayonining ham o’ziga xos talablari mavjud. Avvalo yuzlab arizachilar ichidan talablarga javob beradigan o’nlab talabgorlar tanlab olinadi. Mana shu qabul qilinganlar sizning raqobatchilaringiz bo’ladi. Ular bilan ishga qabul qilinishning oxirgi bosqichida raqobat qilasiz. Mazkur bosqich suhbat (Interview) bosqichi bo’lib, eng asosiy va hal qiluvchi bosqichdir. Aynan shu 1-2 soat davom etadigan suhbatdan o’tish bosqichida siz qanday qobiliyatlarga ega ekanligingizni va siz ishga qabul qilinayotgan joyga qanday foyda keltirishingizni ko’rsata olishingiz kerak.

Ish tartibi qanday?

RN hamshiralarning ish tartibi ko’pincha haftasiga 3 kun, kuniga 12 soat ishlashdan iborat. Xohishingizga qarab kunlik yoki kechki smenada ishlashingiz mumkin. Qolgan kunlarni esa bemalol oila davrasida, o’qishni davom ettirishingiz (hamshiralikning Magistratura yoki Doktorantura yo’nalishlari bo’yicha) yoki boshqa sizni qiziqtiradigan ishingiz bilan shug’ullanishigiz mumkin.

Asosiy ish majburiyatlari nimadan iborat?

RN hamshiralarning asosiy mas’uliyatlari (shifoxona sharoitida), jumladan, quyidagilardan iborat:

  • Har qanday muolaja boshlashdan oldin bemorning sog’lig’i haqida ma’lumot olish, o’rganib chiqish va bemorni to’la jismoniy tekshiruvdan o’tkazish;
  • Bemorning tashxisi, davolanish rejasi, tayinlangan dori-darmonlardan kelib chiqib, bemorga sog’liqni asrashga doir ma’lumot va maslahat berish, davolanish jarayonida bemorning o’zi ham o’ta ahamiyatli rol o’ynashini tushuntirish;
  • Bemorga shifokor tomonidan tavsiya etilgan dori-darmonlar haqida to’liq ma’lumot berib, ularning o’z vaqtida va tegishli usulda bemorga yetkazib berish;
  • Shifoxona sharoitida ko’pincha bemorlarning tibbiy ahvoli keskin o’zgarib qolishi mumkin. Bunday vaziyat ro’y berganda bemordan muhim va tegishli ma’lumotlarni qisqa vaqt ichida yig’ib, ularni sharhlab, kerakli qarorlar qabul qilish kerak. Shifoxonada har bir daqida bemor uchun hal qiluvchi vaqt hisoblanadi. Shuning uchun favqulotda vaziyatlarda tez va tegishli qaror qabul qilish, shifokor va boshqa mutaxassislar bilan kerakli vaqtda aloqada bo’lish juda muhim;
  • MA (Medical Assistant), PCT (Patient Care Technician)/CNA (Certified Nursing Assistant), LPN (Licensed Practical Nurse) kabi RN yordamchilari vazifalarini bevosita nazorat qilish;

Hamshira kasbining qanday turlari mavjud?

Registered Nurse kasibini egallash ancha mashaqqat va vaqt talab etadi. Ko’p vaqt va bosqichlar jarayonidan o’tish imkoniga ega bo’lmaganlar uchun muqobil variantlar ham mavjud.  Masalan:

– LPN (Licensed Practical Nurse) – LPN bo’lish uchun 1-2 yil ta’lim olib davlat imtihonidan o’tish kerak. LPN sohasidagilarning ta’lim darajasi, amaliyot doirasi va ishdagi javobgarliklari RNlarga o’xshash bo’lsa ham, nisbattan kichikroq bo’ladi.

MA (Medical Assistant) – Bu soha egalari ko’pincha klinika, tibbiy offislar va maktablarda ish yuritishadi. Ular ish joylarida bemorlarni qabul qilish, ularning asosiy tibbiy ma’lumotlarini olish, asosiy belgilarini (qon bosimi, yurak urish tezligi, tana harorati, va hokazo) o’lchab, ro’yxatga olish va boshqa ma’muriy va klinik vazifalarni bajarishadi.  Qolaversa, ixtisoslashgan klinikalarda ular bevosita shifokorlarga turli tibbiy amaliyotlarga yordam beradi. O’qish jarayoni 9 oydan 24 oygacha davom etishi mumkin.

CNA (Certified Nursing Assistant) – CNAlar asosan RN va LPNlarning nazorati ostida ish yuritishadi. Ular shifoxonalarda, reabilitatsiyalarda, uzoq muddat parvarishlash muassasalarida ishlashadi. CNAlar bemorlar bilan ko’pincha bevosita muloqotda bo’lib, ularga har tomonlama dalda bo’lib, har qanday ehtiyojlarini qondirishga, og’ir damlarda ko’mak beradilar. Har qanday kutilmagan tibbiy o’zgarishlarni o’z vaqtida hamshiraga yetkazishadi. CNA bo’lish uchun taxminan 6-9 oy o’qib sertifikat olish kerak.

Mehnat bozorida RN hamshiralarga ehtiyoj qanday?

AQSH sog’liqni saqlash muassasalarida (shifoxona va turli klinikalar) RN hamshiralar juda katta rol o’ynaydi. Bundan tashqari ayni damda bu soha keskin o’sib va rivojlanib borayotgan kasblardan biri hisoblanadi. AQSHda hamshira bo’lish juda katta mashaqqat va mas’uliyat talab etsada, bu sohada ishlash juda qiziqarli, imtiyozli va imkoniyatlarga boy. Oxirgi yillarda o’tkazilgan so’rovnomalarga binoan 90 foizga yaqin hamshiralar (RN) o’z kasbidan xursandligini aytadilar.

O’rtacha yillik daromadi qancha? Ijtimoiy imtiyozlar bormi?

Ayni damda AQSH bo’ylab hamshiralarning yillik ish haqi $70,000ga yaqin. Nyu York, Masachusets va Kaliforniya kabi nisbattan boy shtatlarda esa yillik ish haqi $100,000 atrofida. Ushbu raqamlar ish joyi (klinika, maktab, tibbiy offis yoki shifoxona)ga ham qarab o’zgaradi. Bundan tashqari, ko’p joylarda RN hamshiralarga to’liq tibbiy sug’urta, nogironlik va hayot sug’urtasi va bir qator ijtimoiy imtiyozlar ham beriladi.

Ushbu maqola yoki berilgan ma’lumotlar borasida fikringiz, savollaringiz yoki takliflaringiz bo’lsa quyida qoldirishingiz mumkin. Nilufar savollarnigizga javob berishga harakat qiladilar.

 

6 Comments

  1. Juda ajoyib maqola bulibdi rahmat.Endi shu bilan birga America ga kelib kupgina yutuqlarga erishgan Vatandoshlarimiz talaygina.Demoqchi bulganim shunga uxshash kariyera ga oid ma’qolalarni Kuprog’ chiqarsangiz nur ustiga olanur bular edi.Menimcha bloklaringizni kup o’quvchilar maroq bilan o’qiydi ammo bundanda yaxshirog’ini va ko’pini kutmoqda Rahmat.

  2. Assalomu aleykum.Green card uynagandik.Xudo xoxlasa ijobiy javob kutvommiza.Savolim Toshmi ni (Oliy malumotli xamshira) fakultetini tugatganman.Xujjatim Amerikaga shu yunalishim buyicha ishlashga utadimi yoki utishi uchun nima qilishim kerak.Javobingiz uchun oldindan tashakkur.

    • Vaalaykum assalom,
      Afsuski, Toshkentda olgan diplomingiz AQShda aynan shu yo’nalish bo’yicha ishlash huquqini bermaydi. Hamshira, doktor, yurist, buxgalter kabi mutahassisliklar qo’shimcha ta’limdan o’tishni talab etadi.
      Amerikada hamshira bo’lish jarayoni esa maqolada yaxshi tushuntirilgan. Bundan tashqari hozircha ingliz tilini o’rganib turishingiz mumkin.

  3. Assalomu aleykum,
    Sizni ko’p qimmatli vaqtingizni olish fikridan yiroqman, bir nechta qisqacha savolim bor edi:
    – aytishlaricha aynan biror mutaxasislikka ega bo’lmagan kishilar uchun ish topish qiyin kechar ekan AQSHda, ammo yurtimizdan xizmat ko’rsatish, qurilish kabi sohalarda ishlaydigan ishchilar ham borku, ularga hozirgi kunda qancha oylik to’lashadi?

  4. Ushbu saytga kirib maqolalarni oqishni kechagi kundan boshladim. Har bir maqola amerikaga borish niyatimni yanada kuchaytiradi. Amerikada o’z hayot yollarini topib ketgan vatandoshlarimiz menga ishonch beradi.
    Mana shunday maqolalar uchun raxmat. Ularning barchasi foydali va kerakli
    Sayt muharrirlariga muvofaqiyatlar tilayman

Leave a Reply

Your email address will not be published.


*