Amerikada “Dreamers” va “DACA” deyilganda nima nazarda tutiladi?

Amerikada immigratsiya sohasida islohotlar haqida gap ketar ekan, “Dreamers” va “DACA” kabi tushunchalar ko’p ishlatilayotganini kuzatish mumkin. Bu hafta boshlanib, kelasi haftalarda muhokama qilinadigan immigratsiya islohotlarining markazida ham aynan “Dreamers” va “DACA” turadi. Ho’sh, bu tushunchalar nimani bildiradi?

Hujjatsiz immigrantlar muammosi

Tahminlarga ko’ra, Amerikada 10-12 million hujjatsiz immigrant bor. Ularning aksariyati Kaliforniya, Texas, Florida, Nyu York, Nyu Jersi va Ilinoys shtatlarida istiqomat qiladi. Hukumat hujjatsiz immigrantlar bilan bog’liq bo’lgan muammolarni hal etishga bir necha yildan beri harakat qilmoqda, ammo hali samarali yechim topilgani yo’q.

Bolalarning aybi nima?

Eng jiddiy muammolardan biri ota-onasi bilan Amerikaga kelgan voyaga yetmagan bolalar taqdiri bilan bog’liq. Jumboq shundaki, ota-onasi viza shartlarini buzgan yoki chegarani noqonuniy kesib o’tgani tufayli hozirda hujjatsiz bo’lgan bolalar bor. Ularning aybi nima, deydi inson huquqlari faollari. Masalan, bu guruhga Meksikadan Amerikaga chegarani noqonuniy ravishda kesib o’tgan ota-onaning farzandi kiradi. Yoki, Amerikaga ota-onasi bilan Moskvadan 4 yoshida turist vizasi bilan 3 oyga kelgan, ammo ota-onasi viza shartlarini buzgani tufayli hujjatsiz immigrantga aylangan o’smirni misol qilib keltirsa bo’ladi. Ularning butun yoshligi Amerikada o’tgan. O’zlarini amerikalik deb biladilar. Ko’pi oliy ma’lumotli va o’ta muvaffaqiyatlilar.

«Dreamers» kimlar?

Ham respublikachilar, ham demokratlar Amerikaga noqonuniy immigratsiyani to’xtatish kerakligini, immigratsiya qoidalarini buzganlarga nisbatan jiddiy chora ko’rish kerakligini aytadilar. Ammo bunda hech qanday aybi bo’lmagan bolalar zarar ko’rmasligi kerakligini ham tushunadilar.

Shu sababli, 2010 yilda hujjatsiz immigrantlarga fuqarolik olish yo’lini ochish uchun qonun loyihasi ishlab chiqilib, Kongres muhokamasiga kiritildi. Mazkur qonun loyihasining nomi DREAM Act (Development, Relief and Education for Alien Minors).

DREAM Act shartlariga ko’ra:

  • 1) Amerikaga kelganida 16 yoshga to’lmagan;
  • 2) Amerikada eng kamida 5 yil istiqomat qilgan;
  • 3) jinoyat sodir etmagan; va
  • 4) DREAM Act qabul qilinishi vaqtida yoshi 12 va 35 orasida bo’lgan hujjatsiz immigrantlarga qonuniy hayot kechirishga ruxsat beriladi.

Kongress mazkur qonun loyihasini qabul qilmadi. Ammo DREAM Act himoya qilishni maqsad qilgan yoshlar “Dreamers” (“orzu qilayotganlar”) deb atala boshladi.

DAKA nima?

2012 yilga kelib sobiq Prezident Obama, dreamer’lar masalasini Kongres orqali hal etib bo’lmasligini tushunib, o’z vakolatlari doirasida DAKA (DACADeferred Action for Childhood Arrivals) nomli dasturni qabul qildi (Executive order). DAKA hujjatsiz immigrantlarni deportatsiya qilishni ikki yilga to’xtatishni (deferred action) va ularga ishlashga ruxsat berishni nazarda tutadi. Mazkur immigratsion maqom har ikki yilda yangilanishi mumkin.

DAKA dasturi imtiyozlaridan quyidagilar foydalanishi mumkin edi:

  • 1. 2012 yil 15 iyunda 31 yoshga to’lmaganlar;
  • 2. Amerikaga kelganlarida 16 yoshga to’lmaganlar;
  • 3. Amerikada 2007 yil 15 iyundan beri davomiy istiqomat qilib kelayotganlar.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, DAKA dasturi hujjatsiz immigrantga qonuniy immigratsion maqom berishni va kelajakda fuqaro bo’lishga yo’l ochishni nazarda tutmaydi (bu masala Kongres vakolatiga kiradi).

DAKA dasturi imtiyozlaridan foydalanish uchun tahminan 800 000 kishi murojaat qilgani aytiladi.

DAKAga Prezident Tramp va sudning munosabati

2017 yil 5 sentyabda Prezident Tramp DAKA dasturini bo’yicha murojaatlar qabul qilishni to’xtatish va dastur to’laligicha 2018 yil 5 martgacha kuchini yo’qotishi haqida farmon qabul qildi. Mazkur qaror ustidan bir guruh da’vogarlar sudga shikoyat topshirdi. 2018 yil 9 yanvarda sudya Vilyam Alsop (Judge William Alsup) Prezident Trampning DAKAni bekor qiluvchi qarori ijrosini vaqtincha to’xtatish va DAKAga avval murojaat qilganlarga o’z immigratsion maqomlarini yangilashda davom etishga ruxsat berdi.

Bugun, yani 2018 yil 13 fevralda, sudya Nikolas Garofis (Judge Nicholas Garaufis) ham Prezident Tramp qaroriga qarshi chiqdi. Hukumat shoshilinch tarzda DAKA dasturini bekor qilish uchun jiddiy sabab ko’rsatmadi, deyiladi 55-beklik sud qarorida.

 

 

Be the first to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published.


*