AQSH aeroportida ilmoqli savollar

Quyida berilgan ma’lumotlar huquqiy maslahat emas. Immigratsiya huquqi bo’yicha savollaringiz bo’lsa advokat bilan bog’laning.

Pasportingizga AQSh vizasi urildi. Xursandsiz. Aviachiptalarni oldingiz. 15 soatlik uchishdan so’ng samolyot Nyu Yorkning JFK aeroportiga qo’ndi. Hayajondasiz. Bir necha daqiqadan keyin sizni oilangiz yoki do’stingiz kutib oladi. Ammo aeroportda immigratsiya xizmati xodimi sizni AQShga kiritilmasligi, qisqa muddat ichida O’zbekistonga qaytib ketishingizni buyurishi mumkin. Bunday holat ko’pincha immigratsiya xizmati xodimi bergan savollarga qoniqarsiz javob berganingiz uchun kelib chiqadi. Xo’sh, AQSH aeroportida immigratsiya xizmati hodimi savollariga javob berishda nimalarga e’tibor berish kerak?

Samolyot AQShga qo’nganidan keyin

Samolyot AQShga qo’nganidan keyin barcha yo’lovchilar belgilangan yo’lakchalardan yurib, immigratsiya xodimi (aniqrog’i CBP [Customs and Border Protection – Bojxona va chegara nazorati] xodimi) o’tirgan joyga boradilar. Aeroportlar AQShga kirish punkti (port of entry) hisoblanadi. Kirish punktidan o’tish uchun immigratsiya xodimi o’tirgan joyga borasiz. Bu yerda immigratsiya xodimi yo’lovchining AQShga kirib kelish uchun ruxsati borligini aniqlash uchun pasport, viza va boshqa hujjatlarni tekshiradi. Orqasidan AQSHga nima maqsadda kelganingizni so’rashi mumkin. Barmoqlaringiz izi (ten-printed fingerpringing) va kameraga rasmingiz olinadi.

Bu jarayonda hech qanday muammo chiqmasa, immigratsiya xodimi pasportingizga muhr bosib beradi (passport admission stamp). Muhrda viza turi va ketish sanasi ko’rsatilgan bo’ladi (rasmga qarang). Bu nuqtadan keyin aeroportdan chiqib ketishingiz mumkin.

Immigratsiya xodimi hammadan shubha qiladi

Umuman olganda immigratsiya xodimi bilan suhbat hech-qanday muammosiz o’tadi. Ammo ularga chagaradan kirib kelayotgan har bir kishidan shubha qilish uqtirilgan. Immigratsiya xodimlarining birinchi vazifasi xavfsizlikni ta’minlash. Shu sababli, siz uzatgan hujjatda ko’rsatilgan ismni turli ma’lumotlar bazasidan o’tkazadilar. Bu bilan tekshirilayotgan kishi avval immigratsion qonunchilikni buzganmi, jinoiy guruh a’zosi sifatida tanilganmi kabi mezonlar bo’yicha tekshiradi.

Immigratsiya xodimining savollari

Immigratsiya xodimining asosiy vazifalari ichiga AQShga nima maqsadda kelayotganingizni aniqlash kiradi. Masalan, sizga noimmigratsion viza berilgan bo’lsayu (B1, B2, F1 va hkz.), siz AQShda doimiy qolib ketishni niyat qilganingiz aniqlansa, sizga AQSHga kirishga ruxsat berilmaydi. Buni aniqlash uchun immigratsiya xodimi sizga savollar beradi. Eng ko’p soraladigan savollarni yaqindan o’rganib chiqib, ularga aniq va lo’nda javob berish kerak.

Ilmoqli savollar

Immigratsiya xodimi sizgan har qanday savol so’rasi mumkin. Sizga berilgan viza va AQSHga qanday immigratsion maqsad bilan kelganingizni aniqlash uchun eng ko’p beriladigan savollar orasida quyidagilarni sanab o’tish mumkin:

  1. “Amerikaga nima maqsad bilan tashrif buyurdingiz?” (“Why are you vising the United States?”) – Sizning javobingiz Toshkentda sizga berilgan vizaga mutanosib bo’lishi kerak. Masalan, agar sizga turist vizasi berilgan bo’lsa (B1 yoki B2), unda Amerikaga ishlash uchun yoki uzun muddatli o’qish uchun kelganingizni aytsangiz, unda sizga viza berilmasligi, va qisqa muddat ichida AQShni tark etish buyurilishi mumkin. Demak, agar B1 vizasi berilgan bo’lsa, unda “AQSHga sayohat qilish uchun keldim,” deb javob berishingiz kerak.
  2. “Amerikada qayerda istiqomat qilasiz?” (“Where will you be staying?”) – Bu savolni berish bilan immigratsiya xodimi siz AQSHga aniq reja va maqsad bilan, oldindan tayyorgarchilik ko’rib kelganingizni aniqlashga harakat qiladi. Agar siz qayerga borib joylashishingizni bilmasangiz, demak aniq reja bilan kelmaganingiz immigratsiya xodimida shubha uyg’otishi, sizga ko’proq savol berishi va umuman sizni chuqurroq ketshruvdan o’tkazishi mumkin.
  3. “Kimni ko’rishga keldingiz?” (“Who will you be visiting?”) – Bu savoldan maqsad ham siz Amerikaga kelishdan oldin puxta o’ylaganmisiz, kelib qayerda turish rejasini qilganmisiz, kabi savollarga javob topish.
  4. “Amerikada qancha muddat qolasiz?” (“How long will you be staying?”) – Bu savol bilan immigratsiya xodimi siz Amerikada vizada ruxsat berilgan muddatdan uzoq qolib ketmasligingizga ishon hosil qilishdna iborat. Sizga biznes maqsadlar uchun B1 vizasi berilgan bo’lsayu, siz javob berishda “Palonchi universitetda MBA yo’nalishi bo’yicha o’qib, keyin qaytaman,” deb javob bersangiz, sizga kirishga ruxsat berilmasligi mumkin.

Javoblaringiz qoniqarli deb topilmaganda

Yuqorida sanab o’tilgan ilmoqli savollarga bergan javoblaringiz qoniqarli, deb topilmasa, immigratsiya xodimi sizni chuqurroq tekshiruvdan (secondary inspection) o’tkazishi mumkin. Bunda immigratsiya xodimi sizni alohida xonaga taklif qilishi, ko’proq savol berib batafsilroq javob berishingizni talab qilishi, sumka, smartfon va noutbuk kabi buyumlaringizni tekshirishi mumkin.

Sumka yoki popkangizdagi buyumlar, smartfon va noutbuktaki ma’lumot sizga AQShga kirishga ruxsat beruvchi viza turiga mutanosib bo’lishi kerak. Masalan, B1/B2 noimmigrant vizasi bilan turist sifatida AQShga kelayotgan bo’lsangizu, ammo sumkangizdan ishga topshirish uchun printerdan chiqarilgan rezyume nusxalari chiqsa, unda sizdan AQShga noimmigrant sifatida emas, balki doimiy qolib ketish niyati bilan kelayapti, deb shubha qilishadi va natijada AQSHga kiritilmasligingiz mumkin. Yoki bo’lmasa, AQShga F1 vizasi bilan kirib kelayotgan bo’lsangiz va sumkangizdan to’y libosi chiqib kelsa, demak AQShda turmush qurib, doimiy qolib ketish niyati bilan kelayapti, degan shubha bilan sizga kirishga ruxsat berilmasligi mumkin.

Huquqlaringiz cheklanganligini unutmang

Aeroport kirish punktida chet el fuqarolarining huquqlari cheklangan bo’ladi. Masalan, kirish punktida advokat xizmatidan foydalanish huquqiga ega emassiz. Kirib kelish vaqtida beriladigan savollarga javob berishga qiynalsangiz ham advokatga qo’ng’iroq qilish huquqiga ega emassiz. Immigratsiya xodimi istagan savolini berishi mumkin. Xatto sizdan o’ta shaxsiy va ba’zan kamsituvchi yoki haqoratomuz tuyuladigan savollar so’ralishi mumkin. Savol nima bo’lishidan qat’iy nazar, har doim muloyim va xotirjam bo’ling, qo’pol javob bermang, vahimaga tushmang.

Bordiyu immigratsiya xodimi sizga AQSHga kirishga ruxsat bermasa, siz bu qaror ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga ega emassiz. Faqat bir holatda ishingiz immigratsiya sudida ko’rib chiqilishi mumkin– kirish punktida siz o’z vataningizga qaytishdan qo’rqib, siyosiy boshpanaga murojaat qilish niyatingiz borligini aytsangiz. Bu holatda ishingiz immigratsiya ishlari bo’yicha sudda ko’rib chiqiladi.

Yuqorida berilgan ma’lumotlar huquqiy maslahat emas. Immigratsiya huquqi bo’yicha savollaringiz bo’lsa advokat bilan bog’laning.

2 Comments

Leave a Reply

Your email address will not be published.


*