AQShda magistratura: Ikromjon To’xtasinov bilan suhbat

AQShda tahsil olish mavzusini yoritishni davom ettiramiz. Navbatdagi suhbatdoshimiz Ikromjon To’xtasinov. Ikromjon 1993 yil Namangan shahrida tug’ilgan. 2017 yil Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro munosabatlar fakultetini bitirgan. Universitet qoshida faoliyat yuritgan Global Perspective Analytical Forum talabalar tashkilotining Direktori bo’lgan. Shu bilan birga universitetda Model United Nations anjumanlarini tashkillashtirishda ishtirok etgan. AQShga kelishdan oldin turli davlat va no-davlat tashkilotlarida amaliyot o’tagan, jumladan O’zbekiston Respublikasi Tashki ishlar vazirligining Protokol bo’limida ishlagan.

Ta’lim va iqtisodiy rivojlanish o’rtasidagi bog’liqlik masalalariga qiziqadi. Bu masalani chuqurroq o’rganish uchun hozirda Chilida joylashgan Ensena Chile ta’lim tashkiloti bilan hamkorlik qilmoqda. O’zbek, rus va ingliz tilida bemalol muloqot qiladi, bir oz arab tilini ham biladi.

Ikromjon hozirda AQShning eng nufuzli universitetlaridan biri bo’lmish Notr Dam universitetida (University of Notre Dame) Magistratura boshqichida tahsil olmoqda.

AQShda magistratura bosqichida o’qish fikri qachon paydo bo’ldi?

AQShda magistraturani o’qish fikri Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida o’qib yurgan paytlarimdanoq bo’lgan. Bunga turli xil sabablar bor, albatta. Lekin asosiy sabab shaxsiy va professional rivojlanishim uchun yangi imkoniyatlar kashf qilish va har bir inson qalbida bo’lganidek yuksak maqsadlar va orzu-niyatlarga poydevor qo’yish bo’lgan.

Universitet tanlayotganingizda asosiy me’zon nima edi?

Asosan men tanlagan sohaga (Xalqaro munosabatlar) mos keladigan, nufuzli va, albatta, grant beradigan universitet topishim kerak edi. Magistraturadan maqsad o’qish bo’lgani uchun boshqa qo’shimcha daromad manbai orqali universitet harajatlarini qoplash qiyin bo’lishini bilardim va shu sababdan to’liq grant ajratadigan universitetni topishni maqsad qildim.

Tayyorgarchiliklarni qachon va nimadan boshladingiz?

Universitetning 4-bosqichida o’qiyotgan vaqtimda mos universitetlarni qidirishni, GRE va IELTS kabi testlarga bo’lgan tayyorgarlikni boshlab yubordim. Shu o’rinda, doimiy tarzda AQShda magistraturada o’qigan tanishlarim bilan doimo muloqotda bo’lib, ulardan kerakli maslahatlar va “motivatsiya” olib turardim.

Nimaga Notr Damni tanladingiz?

5-kurs boshlanish arafasida, yani taxminan iyul-avgustda Notr Dam Universitetida (University of Notre Dame) xalqaro munosabatlar bo’yicha yangi magistratura dasturi ochilayotganligi hamda o’qish va yashash xarajatlari to’liq qoplanishi to’g’risidagi xabarga duch keldim. Bu ajoyib yangilik edi. Darhol universitet va dastur haqida internetdan ma’lumot qidira boshladim. Universitet AQShda umumiy reytingda eng yuqori 20likka kirishi, dunyodagi eng boy universitetlar reytingida esa 9-o’rinda turishi va judayam chiroyli kampusga (universitet huqudi, shaharchasi) ega ekanligi e’tiborimni tortdi.

Bundan tashqari, magistratura dasturi ham mening reja va orzularimga mos bo’lib, o’qish davomida yo’nalishni tanlash va zarur bo’lsa o’zgartirish imkonini ham berishi men uchun ayni muddao edi. Dasturning o’ziga xos xususiyatlaridan biri, u yangi ochilayotgan va qabul qilingan taqdirda dasturning qaldirg’och (birinchi) talabalaridan biri bo’lishim mumkinligi qiziqishimni yanada oshirdi. Aynan avgust oylarida o’rtog’imni AQShga uchib ketishi oldidan Namangandan Toshkentga birga kelganimizni hamda yo’lda unga topshirmoqchi bo’lgan universitetim Chikagodan 2 soatlik uzoqlikda va qabul qilinsam, uni ko’rgani tez-tez Chikagoga borib turishimni aytganim haliyam yodimda.

Magistraturaga hujjat topshirishda nimalarga e’tibor berishni tavsiya qilasiz?

2016-yil dekabr oyi boshlarida, aynan Prezidentlik saylovlari vaqtida, volyontor bo’lib yurib, bir amallab GRE testini topshirdim va 15-dekabr universitetga hujjatlarimni topshirdim. Shu o’rinda, qabul hujjatlari haqida biroz to’xtalib o’tsam.

Magistratura dasturiga topshirish uchun GRE yoki GMAT testlari asosan grant beradigan universitetlarda majburiy hisoblanadi. Bu testlarga jiddiy tayyorgarlik ko’rish kerak hamda yuqori bal jamg’arish qabul qilinish imkoniyatlarini oshiradi.

Universitet bakalavrdagi baholar, 3 ta tavsiyanoma, rezyume, IELTS yoki TOEFL test baholari ham topshirilishi kerak. Baholar a’lo bo’lgani yaxshi. Rezyumeda agar bakalavrni bitirib magistraturaga to’g’ridan-to’g’ri topshirayotgan bo’lsa, malakaviy amaliyot, darsdan tashqari faoliyat va liderlik xususiyatlari ko’rsatilishi muhim. IELTS va TOEFL ballari bo’yicha aniq talablar yo’q, lekin albatta yuqori bo’lgani maqsadga muvofiq.

Maqsad bayoni (Statement of intent) ham universitet va dastur oldigan qo’ygan maqsadlarni aks ettirishi, qisqa qilib aytganda, ular qidirayotgan arizachi ekanligingizdan har tomonlama dalolat berib turishi lozim.

Hujjatlarni tayyorlash ustida ishlashni qachon boshlash kerak?

Hujjat topshirish jarayoni o’ta murakkab jarayon va har bir bosqichda jiddiy sinchkovlikni talab qiladi. Shu sababdan bu jarayonni qancha erta boshlasa, shuncha yaxshi. Shaxsan o’zim bu jarayonni o’qish boshlanishidan bir yil avval boshlaganman. Yani, o’qish 2017 yil avgust oyida boshlangan bo’lsa, men tayyorganchilikni 2016 yil sentabrda boshlab, inshoni bir necha marta yozib, uni tekshirtirib, maslahatlashib, oxiri 2016 yil dekabr o’rtalarida tugatganman.

Hujjatlarni yuborganingizdan keyingi jarayon qanday kechdi?

Hujjat topshirgandan bir necha hafta o’tib, onlayn suhbatga (Online interview) taklif etishdi. Bu suhbatga ham jiddiy tayyorgarlik ko’rdim. Mahaliy vaqt bilan taxminan kech soat 1da suhbat bo’lanib, 30 daqiqa davom etdi. Asosan, rezyumeda ko’rsatgan ma’lumotlarimdan savollar berishdi hamda aynan ushbu dasturga topshirishimdan maqsadim to’g’risida savollar berishdi. Javoblar orasida kerakli paytlarda universitetga tegishli bo’lgan turli faktlarni, professorlar tarkibi va turli ismlarni keltirib o’tardim. Bu qabul komissiyasini xursand qilgani sezilib turardi hamda universitetga qiziqishim jiddiy ekanligini ko’rsatib turardi.

Suhbat oxirida, savol berish uchun menga navbat berishdi. Beradigan savollarim muhim ahamiyat kasb etishini yaxshi bilardim va shu sababdan iloji boricha internetdan topish qiyin bo’lgan savollar berishga harakat qildim. Komissiya a’zolari mamnuyat va qiziqish bilan javob berishlari suhbat yuzasidan umumiy qoniqish hosil qilishimga yordam berdi.

Magistratura bosqichiga qabul qilinganingiz haqida qachon xabar keldi?

2017 yil 28-fevralda email orqali fakultet dekani tomonidan qabul qilinganligim to’g’risidagi xabarni qabul qildim. Bu xatda o’qish xarajatlari uchun bir yilga $51.192 miqdorida grant, sog’liq uchun sug’urta hamda yashash xarajatlari uchun stipendiya berilishi aytilgan edi. Bu emailni qabul qilganimdagi hissiyotlarimni va quvonchimni so’z bilan ifoda eta olmayman. Shunday qilib, Notr Dam (Keough School of Global Affairs, University of Notre Dame) universitetiga Xalqaro Munosabatlar yo’nalishi bo’yicha magistraturaga qabul qilindim.

AQShga qachon yetib keldingiz?

2017 yil avgust oyinining birinchi havtasi AQShga yetib keldim. Chikagoda o’rtog’im kutib oldi va uyida 2-3 kun mehmon bo’lib, Michigan ko’li (Michigan Lake) atrofida o’zbeklar sayilida ishtirok etib, bir dunyo zavqqa to’lib, ertasiga Notr Dam sari Indiana shtatiga yo’l oldik. Notr Dam universiteti Sauz-Bend (South Bend) deb nomlangan kichik shaharchada joylashgan bo’lib, unda taxminan 100 ming odam istiqomat qiladi.

Shahar inftastrukturasi va iqtisodiyoti Notr Dam universiteti atrofida bunyod etilgandek ko’rinsada, hozirda turli sohalarda tezkor rivojlanishga erishmoqda. Talabalar uchun shaharning eng katta afzalliklaridan biri yashash uchun arzonligidir. Bu juda ko’p holatlarda, ayniqsa, turar-joy masalasida ancha qo’l keladi. Universitet kampusida joylashgan deyarli barcha binolar o’rta asrlar arxitekturasini eslatib yuboradi va shuning uchun ham juda chiroyli.

Notr Dam universitetida ta’lim sifati haqida nima deya olasiz?

O’qish tizimi to’g’risida gapiradigan bo’lsam, Amerikadagi ko’p universitetlarga o’xshab, o’quv yili ikki semesterdan iborat. Doimiy tarzda o’quv tizimi o’zimizni o’quv tizimi bilan solishtiraman va har safar mavjud farqlardan hayratga tushaman.

Birinchidan, o’quvchilarga qo’yilgan talab juda qattiq. Har bitta talabada agar o’qimasa, hech qanday usul bilan imtihondan o’ta olmasligi va keyinchalik diplom ololmasligi to’g’risida aniq va sog’lom fikr mavjud.

Ikkinchidan, talabarlda baholar emas, balki bilim kelajakda foyda berishi to’g’risida ham ishonch bor. Bu ikki xususiyatni o’zi o’quv tizimida sog’lom muhitni yuzaga keltirishga katta xizmat qiladi.

Bundan tashqari, darslarda o’quvchilarni tanqidiy fikrlashlariga alohida e’tibor qaratiladi. Darsdagi muhokamalar faktlar qarama-qarshiligi bilan emas, argumentlarning to’qnashuvi bilan xarakterlanadi; ya’ni yodlashdan ko’ra fikrlashga ko’proq urg’u qaratiladi. Professorlar ham o’z navbatida talabalar vaqtini xurmat qilishadi, odatda darslar o’z vaqtida boshlanib, o’z vaqtida yakunlanadi.

Talabalar o’qituvchilar bilan uchrashishlari uchun alohida vaqt ajratishadi. O’qituvchilarni ta’limga bo’lgan e’tiborini ko’rib, ular shaxsiyatdan yuqoriroq maqsadlarga xizmat qilayotganliklariga guvoh bo’lish mumkin.

Juda ko’p uy ishi beriladi. O’rtacha har kuni 60-80 bet kitob yoki profesor tomonidan berilgan materiallarni (handouts) o’qish talab etiladi.

O’qishdan tashqari vaqt o’tkazish uchun qanday sharoit yaratilgan?

O’qishdan tashqari talabalarni vaqtlaridan unumli foydalanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Doimiy ishlaydigan kutubxona, talabalar markazlari, turli xil sport inshootlari, media markazlar va hattoki qoyaga chiqish (rock climbing) komplekslari mavjud. Bunday tashqari, universitetda talabalarni sotsial, emotsional va psixologik sog’lomliklari ta’minlash uchun turli xil qulayliklar taklif etilgan.

Deyarli barcha amaliyotlar onlayn va universitet ID kartasi orqali amalga oshiriladi. Talabalarning shaxsiy akkountlari bo’lib, to’lov amaliyolarini ham ID kartalari orqali amalga oshirishlari mumkin. Universitet hududida katta bo’lgani uchun velosiped qatnovi juda keng tarqalgan. Hattoki velosipedingiz bo’lmasa ham, elektron qulflanadigan velosipedlardan telefon orqali pul to’lab, foydalanish mumkin. Shaxsiy velosipedlarni albatta qulflab yurish kerak, aks holda, ularni daraxtga osib qo’yilgan holda topishingiz mumkin.

Notr Dam universiteti o’zining futbol jamoasi bilan mashhur. Bu haqida nima deya olasiz?

Universitet futbol jamoasi mashhur bo’lib, uy o’yinlarini ko’rgani AQShning turli burchaklaridan taxminan 80 ming odam tashrif buyirishadi va o’yin bo’ladigan hafta oxirlari tadbirlarga to’la haqiqiy bayramga aylanadi. Amerika madaniyati bilan tanishuvim asosan shu tadbirlarda amalga oshdi. Bu tadbirlar umumiy “tailgate” nomi ostida o’tadi va o’yindan bir kun avval mashinalarda muxlislar kelishadi hamda ertasi kuni o’yin boshlangungacha mashinalari yukxonasini ochib, turli xil ichimliklar ichib, ovqatlanib, turli o’yinlar o’ynashadi. Shu sabab ham, Amerika futboli qoidalarini tushunmaydigan biz kabi chet elliklar uchun futbol atrofida bo’lgan voqealar futboni o’zidan ko’ra qiziqroq bo’ladi.

Kursdoshlaringiz kim, ular bilan darsdan bo’sh bo’lgan vaqtlaringizda nima qilasizlar?

22 ta davlatdan tashrif buyurgan kursdoshlarim bilan hafta oxirlarini bir qismini turli uchrash va yig’ilishlar, yoki birga ovqatlanish va suhbatlashish, birgalikda qo’shiq aytish va kino ko’rish bilan o’tkazaman. Qolgan qismi esa keyingi haftaga tayyorgarlik bilan o’tadi. Bu yerda vaqt O’zbekistondagidan ko’ra tezroq o’tgandek tuyiladi. Shu sababdan, hatto ovqat pishirish kabi odatiy yumushlar ham reja asosida amalga oshirilishi kerak.

Siz turgan shahar insonlari haqida nima deya olasiz?

Universitet AQShning o’rta-g’arb (Midwest) qismida joylashgani uchun, universitet hududida bu yerda yashovchi odamlarga mos madaniyat hukmron. Umuman tanimagan odamingizga jilmayib, salom berib, hol-ahvol va kunini qanday o’tganini so’rashingiz odatiy hol. Odamlar mehribon va g’amxordek tuyiladi va buni yaxshiliklari bilan amaliyotda ham namoyish etishadi. Odamlar juda mehnatkash va o’ta mas’uliyatli. Odamlar xuddi bir tizimga va mexanizma biriktirilgandek va hamma ushbu tizimda bir-biriga yordam berish uchun ishlayotgandek tuyiladi.

Har qanday hujjat ishlari, rasmiyatchilik yoki muammo yusasidan sizni kulib kutib olishadi va masalangizni tezkorlik bilan ijobiy hal qilishadi. Biroz muddat bu hududda yashagandan keyin boshqa odamni ko’rsa, yuzga tabassum yugurishi odatiy holatga aylanib qoladi.

Notr Dam universitetida boshqa o’zbekistonlik bormi?

Universitetda O’zbekistonlik boshqa talabani uchratganim yo’q hali. Shu sababdan ham, Chikagoga yoki boshqa shaharlarga doimiy sayohat qilib turaman. Juda ko’p vatandosh talabalar bilan ko’rishaman va ularni hayotini o’rganaman. Umuman olganda, hozirgacha uchratgan barcha O’zbekistonliklar tinmay mehnat bilan band.

Yakuniy tilaklaringiz

Yurtimizdan yanada ko’proq talabalar AQSh universitetlariga kelishini chin dildan istayman. Kelganda ham AQShning eng nufuzli universitetlariga grant yutib kelishlarini xohlayman. Yangi kelayotgan vatandoshlarimga esa butun e’tiborlarini o’qishga qaratishni, yaratilgan imkoniyatlardan to’liq foydalanib, shaxsiy va professional potentsiallarini to’la namoyon qilishlarini va o’z oldilariga qo’ygan yuksak maqsadlariga erishishlarini tilayman.

 

Be the first to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published.


*