Amerikada qimmatga tushadigan 4 xato

Amerikaga kelgandan keyin hech kimga oson bo’lmaydi. Uy-joy topish, farzandlarni maktabga joylashtirish, ish topish, sug’urta sotib olish kabi masalalar haqida har bir immigrant Amerikaga uchib kelgan ondanoq o’ylashi va qisqa muddat ichida yechim topishi kerak bo’lgan masalalardir.

Amerikaga yetib kelgandan keyin turli ko’rinishdagi xatolarga yo’l qo’yilishi tabii hol. Ammo quyida muhokama qilinadigan 5 xato kishining vaqti, kuchi va puli bekor ketishiga sabab bo’ladigan jiddiy xatolardir.

1. Amerika ish madaniyatini o’zlashtirmaslik

Amerikada qabul qilingan ish madaniyatini o’rganmaslik immigrantlarning ish bozorida raqobatli bo’lolmasliklarining eng asosiy sababi. Rezume yozishdan tortib, ish suhbatiga tayyorlanishning o’ziga hos odobi va tartibi bor. Masalan, Amerikada qabul qilingan me’yorlarga ko’ra rezyumega kishining fotosurati, turmush qurgan-qurmaganligi, qiziqishlari kabi shaxsiy ma’lumotlar ko’rsatilmaydi. Ushbu xatoga yo’l qo’ygan kishining rezyumesi esa e’tiborsiz qoldirilish ehtimoli katta. Bu degani esa ish topish jarayoni kutilganidan ko’proq cho’zilganligi sababli, uzun muddat daromadsiz qolish degani.

Yoki bo’lmasa, siz ishga qabul qilinganingizdan keyin ham e’tibor berishingiz kerak bo’lgan hususiyatlar bor. Masalan, ishga o’z vaqtida kelish va vazifalarni belgilangan muddatlarda bajarish, tashabbus ko’rsatish, rahbar va ishchilar orasida biron masala muhokama qilinayotgandan faol ishtirok etish, tortinmasdan firk bildirish, va bahs-munozaralarda qatnashish o’ta ahamiyatli. Rahbarga yo’q deya olmayman va u aytgan barcha fikrga qo’shilishim kerak tushunchasidan voz kechishingiz kerak.

Ho’sh, Amerikada ishlash madaniyatini o’rganish uchun nima qilish mumkin? Siz istiqomat qilayotgan mahallaning kutubxonasiga a’zo bo’ling yoki immigrantlarga ko’mak berish tashkilotiga qatnang. Bunday muassassalarda immigrantlarga ish topishlari uchun mo’ljallangan trening va seminarlar o’tkaziladi. Nabodo taqvimda hech qanday trening o’tkazilishi belgilanmagan bo’lsa, muassassa ishchilaridan yordam so’rang, qayerdan bu masalada ma’lumot olish mumkinligi o’rganing. Yoki bo’lmasa, qo’shningiz va Amerikada anchadan beri istiqomat qilayotgan boshqa immigrantlardan maslahat so’rang.

2. Tanishlaringiz taklif qilgan ishni/karyerani puxta o’ylamasdan qabul qilmang

Amerikaga kelganingizdan keyin sizga eng yaqin bo’lgan kishi ko’pincha qarindoshingiz, do’stingiz yoki tanishingiz bo’ladi. Ularni o’zingizga yaqin tutib, muammolaringizni ular bilan bo’lishish va ularning maslahatiga quloq tutasiz. Ular sizga aksariyat holatlarda chin dildan, sizga amaliy yordam berish maqsadida maslahat beradilar. Ammo yakuniy qaror qabul qilishdan oldin hamisha boshqalar bilan maslahat qiling. Masalan, tanishlaringiz O’zbekistonda mashina haydovchisi bo’lib ishlaganingiz uchun, sizga Uber yoki Lyft haydovchisi bo’lishni taklif qilishlari mumkin. Bu ishni boshlash uchun siz yangi(roq) mashina sotib olishingiz kerak. Ammo sizning IT sohasiga qiziqishingiz va qobiliyatingiz bo’lsa, balki mashina sotib olish o’rniga bu pulga IT sohasida talabgor bo’lgan dastur ishlab chiqishni o’rganib, IT sohasi bo’yicha ishlaganingiz to’g’ridir? Bu kabi holatlarda sabr qilib, puxta o’ylash katta miqdordagi mablag’ni bekorga sarf etmaslik va vaqtingiz zoye ketishini oldini oladi.

3. Amerikaga kelishingiz bilan universitetga o’qishga kirmang

Amerika universitetlaridan birini bitirib, diplomni olsam menga albatta ish topiladi, deb o’ylash to’gri emas. Yangi ko’chib kelgan immigrantlar ilk damlarda katta harajatli ishlardan tiyinishlari kerak. Universitetda o’qish esa katta mablag’ talab qilib (yaxshi universitetda o’qish yiliga eng kamida $20,000-$30,000 tushadi), sizga ish topishingizni kafolatlamaydi. Ho’sh, und anima qilish kerak? Amerikaga yetib kelganingizdan keyin eng kamida bir yilni ishlab, mehnat bozorini o’rganish bilan o’tkazing. Tanishlaringiz nima ish qilayotganini o’rganing. Kelasi yillarda Amerikada qaysi sohada ishchilarga talab katta bo’lishi haqidagi hisobotlarni o’qib chiqing. Shundan so’ng qobiliyat va kelajakda erishmoqchi bo’lgan orzularingizdan kelib chiqib, yo universitetda, yo qisqa muddatli hunar-o’rganish bo’yicha kurslarda o’qishingiz mumkin.

4. Kredit kartadan foydalanishni bilmaslik

AQShda “credit history” (kreditdan foydalanish tarixi) degan tushuncha mavjud. Kishining bank bergan kredit karta yoki qarzdan qanday foydalanayotganini aniqlab, unga baho beriladi. Masalan, agar siz kredit karta orqali narsalar sotib olib, bankka vaqtida pulni to’lamasangiz, bu holat sizning kreditdan foydalanish tarixingizga salbiy ta’sir qilib, sizga pastroq baho beriladi. Aksincha, kredit karta va umuman bankka bo’lgan qarzlaringizni o’z vaqtida to’lab borgan bo’lsangiz, sizning kreditdan foydalanish bahoingiz baland bo’ladi. Bu esa kelajakda katta miqdorda qarz olishingizni ancha osonlashtiradi.

Kredit karta ishlatish bilan bog’liq bo’lgan xatolarni ikki guruhga bo’lsa bo’ladi. Birinchi guruhga kredit karta ochtirish va ishlatishdan qo’rqadiganlar kiradi. Ikkinchi guruhga esa kredit karta ochtirib, uni ishlatib, ammo qarz pulini to’lash vaqti kelganda to’lamaydiganlar kiradi.

Birinchi guruhga kiradiganlar kredit karta ochtirishdan qo’rqmasliklari kerak. Aks holda hech qachon kreditdan foydalanish tarixi (credit history) shakllanmaydi va kelajakda sizga jiddiy muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Ikkinchi guruhga kiradiganlar esa qarz pulini vaqtida to’lab yurishlari shart. Aks holda to’lanmagan qarz ustiga turli jarima to’lovlari va qo’shimcha foiz belgilanishi bilan birga, kreditdan foydalanish bahoingiz ham pasayib ketadi.

Hullas, Amerikaga kelgandan keyin bu yerning ish madaniyatini o’zlashtiring, sizga taklif qilingan ishni puxta o’ylamasdan qabul qilmang, universitetga bir oz ishlab, mehnat bozorini yaxshi o’rgangandan keyin kiring va nihoyat kredit kartadan foydalanishda ehtiyotkorlik ko’rsating.

2 Comments

Leave a Reply

Your email address will not be published.


*