Men Garvardda qanday o‘qidim yoxud muvaffaqiyat qozonish sirlari haqida

* Mazkur maqola ilk marotaba 6 iyul 2014 yilda Tashabbus veb-sahifasida (http://tashabbus.com/) chop etilgan.

AQSh universitetlarining biriga huquqshunoslar uchun magistrlik dasturiga (LL.M.) o‘qishga kirish ishtiyoqim Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universitetining “Xalqaro huquq” yo‘nalishi buyicha tahsil olayotgan paytimdan paydo bo‘ldi. Meni AQSh huquqiy ta’limining tartib va usullari hamda AQSh yuridik maktablarining obro‘yi o‘ziga jalb qilardi. Lekin vujudga kelgan holatlarni hisobga olgan holda (advokaturaga ishga kirish, turmush qurish va farzandli bo‘lish), men o‘qishga kirish uchun kerakli hujjatlarni bakalavr darajisini qo‘lga kiritganimdan so‘ng 6 yil o‘tgach topshira oldim. Ushbu qarorni qabul qilishda mening intilishlarimni qo‘llab-quvvatlagan yaqinlarim hamda o‘zlarining namunasi bilan meni ilhomlantirgan va bebaho maslahatlari bilan menga yordam bergan do‘stlarim hal qiluvchi rolni o‘ynashdi.

Shaxsiy sharoitlarimdan kelib chiqib, harakat qilib ko‘rishim uchun ixtiyorimda faqat bir yil borligini va AQSh universitetlari meni rad qilishgan taqdirda, men o‘zimning oddiy ish kunlarimga qaytishim kerakligini men yaqqol tushunib turar edim. Orzuimni amalga oshirish uchun menda birdan-bir imkoniyat borligini e’tiborga olib, men undan yuqori darajada samarali foydalanishga qaror qildim. AQShning eng ko‘zga ko‘ringan universitetlarining birida tahsil olgan yaqin do‘stlarimdan biri menga o‘qish xarajatlarini butunlay qoplaydigan, lekin o‘qishga kirish qiyin bo’lgan AQSh universitetlarining ro‘yxatini yuborgan edi. AQSh huquqiy ta’limining qiymatini hisobga olgan holda, o‘qishga mo‘ljallangan moliyaviy yordam men uchun jiddiy omil bo‘lgan edi. Bunday yordamni taqdim etadigan universitetlarga Garvard universiteti ham kirgan edi. Garchi u vaqtda Garvardning yuridik maktabiga kirishni men orzu qilib ko‘rmagan bo‘lsam-da, u yerga hujjatlarimni topshirib ko‘rdim. Garvard bilan birga hujjatlarimni boshqa ikkita universitetga ham topshirdim.

Bundan keyin kutishning uzoq oylari boshlandi… Boshqa ikkita universitetdan ijobiy javoblar nisbatan tez keldi-ku, biroq men Garvardning javobini intizorlik bilan kutardim. Qabul kilinganligim to‘g‘risida qaror kutish uchun kuchim qolamaganda yetib keldi. Aniqlik kiritish uchun, hujjatlarni 15 noyabrda topshirganimni, o’qishga kirish natijalari esa 21 martda e’lon qilinganligini aytib o‘tish yetarli. Xursandchiligimni ichimga sig‘dirolmay yurdim! Bundan tashqari, Garvard menga katta moliyaviy yordam taqdim etdi.

Keyingi oylar ketishga tayyorgarlik ko‘rish, Kembrijda turar joy qidirish va men o‘rganmoqchi bo‘lgan o‘quv fanlariga dastlab onlayn-ro‘yxatdan o‘tish bilan o‘tdi. Avgust oyining boshida esa men magistr-talabalar uchun mo‘ljallangan orientatsion dasturda qatnashdim. Talabalik hayotim shundan boshlandi…

Orientatsion dastur hodisalarga boy bo‘lib chiqdi: AQSh huquqiy tizimi bilan tanishtirish maqsadida, biz uchun ikki hafta mobaynida ma’ruzalar o‘tkazilgan bo‘lib, hajmli uy ishini tayyorlab kelish topshirilgan edi. Baholar qo‘yilmaganligiga qaramasdan, bu holat o‘tkazilgan mashg‘ulotlarga bo‘lgan munosabatimizga hech qanday ta’sir ko‘rsatmadi.

Bundan tashqari, orientatsion dastur davomida har birimizga hozirgi paytda doktorlik dasturida tahsil olayotgan, Garvardning sobiq magistr-talabalari qatoridan kurator tayinlangan. Kuratorlarning vazifasiga o’qish jarayoni va talabalik hayotiga oid masalalarni muhokama qilish, shuningdek, talabalarning universitet va shahardagi yangi hayotga moslashuvlari uchun maksimal tarzda ko‘maklashish kirar edi. Talabalarning tanlovi asosida Garvardda taqdim etilayotgan o‘quv fanlarning turli-tumanligi va sonini e’tiborga olib, olgan bilimlarimni uyga qaytishim bilanoq amaliy qo‘llash imkoniyati mavjudligi nuqtai nazaridan meni qiziqtiradigan o‘quv fanlarini tanlash bilan bog‘lik bo‘lgan muhokamalarni men, har qanday tajribasi bor huquqshunos singari, o‘zim uchun ayniqsa, foydali deb topdim.

Orientatsion dasturda biz, 180 magistr-talabalar uchun bir-birimiz bilan yaqinroq tanishish, vatanimiz, kasbimiz tug‘risida surishtirish imkoniyati ham paydo bo‘ldi. Biz dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan kelganimizni va oramizda sudyalar, o‘qituvchilar, huqushunos va advokatlar, inson huquqlari himoyachilari, xalqaro tashkilotlarning vakillari, davlat amaldor shaxslari, fan doktorlari va yaqin kunlardagi talabalar borligini aniqladik. Kutganimdek, kursdoshlarimning har bittasi o‘zida noyob shaxsni mujassamlashtirib, ma’lum g‘alabalarga erishgan ekan. Kursdoshlarimning har biridan biror narsani o‘rganish mumkin edi va har biri bilan muloqotimiz qiziq o‘tar edi.

Shunday qilib, orientatsion dastur ham yakuniga etib, yangi o‘quv yili boshlandi. AQShning ko‘pchilik yuridik maktablaridan farqli o‘larok, Garvardda o‘quv yili uch semestrga bo‘linadi: kuz va bahor semestri uch oy davom etadi va qish semestri bir oy davom etadi (aksariyat yuridik maktablarda o‘quv yili ikki semestrdan – kuz va bahor – iborat). O‘qish jarayonining murakkabligi sababli, Garvardning amaldagi o‘quv siyosati har bir joriy o‘quv yilida va har bir semestrda magistrlar ro‘yxatdan o‘tib, yozilishga haqli bo‘lgan fanlarning sonini cheklaydi. Kursning murakkabligini hisobga olgan holda, har qaysi o‘quv fani 4 ballik shkala bo‘yicha baholanadi. Kuzgi va bahorgi semestrda magistr-talabalar, universitet ma’muriyatining ruxsatini olmasdan, umumiy balli 12 balldan ortiq ballarni tashkil qiladigan fanlarga, qishki semestrda esa – har biri 3 balldan baholanadigan bittadan ortiq fanga ro‘yxatdan o‘tishi mumkin emas.

Boshqacha qilib aytganda, kuzgi va bahorgi semestrda, misol uchun, uchta 4 ballik yoki to‘rtta 3 ballik fanga ro‘yxatdan o‘tish ma’muriyatning oldindan ruxsatini olishni talab kilmas edi. Lekin 12 ballik o‘quv dasturining o‘zi juda murakkab dastur bo‘lib, har kuni bir necha yuz sahifali yuridik matnni o‘zlashtirishni talab qilar edi. Bunday sharoitda talabalarning vaqti hech narsaga yetmas edi. O‘zimning misolimdan kelib chiqqan holda aytishim mumkinki, o‘quv dasturining murakkabligi tufayli kutubxonani kechasi soat 12:00 dan oldin tark etish imkoniyati hech ham bo’lmas edi (dam olish kunlari bundan mustasno bo‘lmagan).

Ammo Garvardning kutubxonasi juda ham ajoyib. U dunyodagi eng boy huquqiy akademik kutubxona hisoblanadi. Garvardda o‘qish davomida men bir marta ham menga kerakli bo‘lgan, masalan, biror bir bosma nashrda aytib o‘tilgan kitobni topa olmasdan qaytib ketganim yo‘q. Kutubxonaning elektron qidiruv sistemasi foydalanish uchun juda qulay va har bir talaba undan o‘zining shaxsiy kompyuteri orqali erkin foydalansa bo‘ladi. Buning uchun talaba o‘zining shaxsiy identifikatsion raqamini kiritishi kerak, xolos. Qidiruv sistemasi esa izlanayotgan kitob qaysi tokchada joylashganini ko‘rsatib beradi. Talabaga kerakli bo‘lgan kitobdan boshqa talaba foydalanayotgan taqdirda, qidiruv sistemasi talabani kitobning qaytarilish muddati haqida xabardor qiladi va kitobning qaytarilishi bilanoq talabaning shaxsiy pochtasiga shu haqda xabarnoma yo‘llaydi. Kutubxonada talabalarga kerakli bo‘lgan matnni skanerdan o‘tkazish kabi mutlaqo bepul xizmat ham mavjud. Buning uchun talaba aytib o‘tilgan elektron sistemada buyurtma joylashtirishi kerak, xolos.

Bundan tashqari, kutubxonada velosipedlar mavjud bo‘lib, talabalar ularni kutubxonaga tezroq kelish va kutubxonadan tezroq qaytish maqsadida vaqtinchalik bepul foydalanishga olishlari mumkin. Kutubxonaning bir qismi kechayu-kunduz (24 soat) ishlaydi, kechasi soat 9:00 dan keyin esa o’qishdan charchagan, uyqusi kelgan talabalar uchun kutubxonada bepul kofe, choy, qaynoq shokolad muhayyo. Bir so‘z bilan aytganda, Garvard talabalarning muvaffaqiyatli o‘qishi uchun hamma sharoitni yaratishga intiladi, talabalarga esa bularning barchasidan o‘qish manfaatida foydalanish qolgan, xolos.

Albatta, talabalarning muvaffaqiyatli uqishida o‘qituvchilarning o‘rni katta. O‘quv mashg‘ulotlarining tuzilishi va o‘quv usullari o‘quv kursining o‘ziga, shuningdek, o‘qituvchining yondashuviga bog‘liq edi. Garvardning o‘qituvchilari esa, kutilganidek, butun dunyoga taniqli bo‘lgan olim va mutaxassislardir. Odatda, o‘qituvchilar keyingi mashg‘ulotda ular yoritmoqchi bo‘lgan mavzuni uy ishi sifatida berishadi. O‘quv mashg‘uloti davomida o‘qituvchilar tegishli mavzuni batafsil tushuntirib berish bilan birga, talabalar mavzuni yaxshi tushunishi, olgan bilimlarini mustahkamlashi hamda darsga tayyorlanib kelmagan talabalarni aniqlash uchun talabalarga mazkur mavzu yuzasidan savollar beriladi. Aytib o‘tish kerakki, o‘qimaydigan talaba Garvardda kamdan-kam uchraydi.

Garvardning eng qisqa qishki semestri men uchun eng murakkab semestr bo‘lib chiqdi. Garvardni 1961 yili eng yuqori reyting bilan tamomlagan, soliq huquqi sohasidagi taniqli ekspert men ro‘yxatdan o‘tgan “Xususiy jamg‘armalar, venchur kapital va tadbirkorlik bitimlarni tuzish” kursida mening o‘kituvchim edi. Kursni boshlashdan oldin, kirish so‘zi sifatida u shunday so‘zlarni aytgani esimda:

Mening kursimda sizlar ko‘p o‘qishga majbur bo‘lasizlar. Sizlar men uy ishi sifatida topshirgan topshiriqning hammasini jismonan o‘qib ulgurmaysizlar. Shuning uchun sizlarning vazifangiz imkoniyatingiz bor darajada sahifalarning maksimal sonini o‘qishdan iborat. Yodingizda tutinglar: Qanchalik ko‘p o‘qisangizlar, hayotda va mening imtihonimda shunchalik muvaffaqiyatli bo‘lasizlar.”

Men ularning so‘zlarini juda yaxshi eslab qoldim, eng muhimi esa – bu fan menga juda ham yoqdi! Natijada, men kutubxonadan har kuni ertalab soat 4:00da chiqardim, ertalab soat 9:00 da esa yana darsda bo‘lishim kerak edi.

Bunday o‘qish tartibi sababli, passiv dam olish usullari (misol uchun, kechgi yoki kunduzgi uyqu) menga yordam bermay qo‘ygan edi. Ulardan keyin men o‘zimni dam olganday his qilolmay koldim. Shunday paytlarda sport menga ko‘maklashar edi. Talabalar uchun mo‘ljallangan sport majmuasida men statsionar velotrenajyordan faol foydalanardim, va charchog’im menga juda zarur bo‘lgan quvvat bilan almashardi!

Shunday qilib, ortimda eng yorqin xotiralarni qoldirib, Garvardda bir yillik o‘qishim ham o‘tib ketdi. Garvardni bitirganimdan keyin esa, universitet o‘z bitiruvchilariga bo‘lajak ishni topishda ko‘rsatadigan yordami meni hayratda qoldirdi. Ma’lum bo‘lishicha, turli-xil tashkilotlarda ishlaydigan va dunyoning turli-tuman mamlakatlarida istiqomat qiluvchi Garvardning ko‘plab bitiruvchilari volontyor-kurator vazifasini bajarib, yaqin kunlardagi bitiruvchilarga maslahat, tavsiya, o‘zlarining tashkilotlarida hamda boshqa tashkilotlarda kerakli aloqalarni o‘rnatish borasida yordam berishadi va hatto bitiruvchilarning rezyumesini tuzish va tahrir qilishga ham qarashishlari mumkin ekan! Shunday qilib, kuratorim tufayli, men xalqaro yuridik firmadagi o‘zimning hozirgi kundagi rahbarim bilan bog‘lana oldim. Hozirgi paytda men Garvardda o‘qishim davomida orttirgan bilimlarimni ishlatgan holda, mazkur firmada ishlab kelaman.

Xulosa tariqasida, men bo‘lajak talabalarga o‘zlarining kuchlariga ishonishlarini, o‘zlarini yangi narsalarda sinab ko‘rishlarini hamda ularni o‘z maqsadlariga yaqinlashtiradigan har qanday imkoniyatdan foydalanishlarini maslahat beraman.

Aziza MAKSUDOVA

2 Comments

    • Nozilaxon, Garvard universitetining vebsahifasidan (https://www.harvard.edu/) ko’p ma’lumot olishingiz mumkin. Vebsahifaning «Admission & Aid» yoki «Schools» bo’limlariga kirib, siz istagan soha bo’yicha ma’lumot topishingiz mumkin. Postlarimizni kuzatib boring, AQShda o’qish bilan bog’liq bo’lgan turli masalalarni yoritib boramiz. Rahmat!

Leave a Reply

Your email address will not be published.


*