
* Quyida berilgan ma’lumotlar rasmiy huquqiy maslahat o’rnida o’tmaydi. Politsiya harakatlari haqida savollaringiz bo’lsa yoki shikoyat qilmoqchi bo’lsangiz, zudlik bilan advokat yollashni tavsiya qilamiz.
Avval chop etilgan maqolamizda politsiya yoki immigratsiya xizmati xodimi hujjatsiz immigrant uyiga kelgandan qanday huquqlari borligini muhokama qilgan edik (Immigratsiya xizmati uyingizga kelganda). Mazkur maqola politsiya yoki immigratsiya xizmati xodimi hujjatsiz immigrantni ko’chada to’xtatganda yoki ish joyi reyd o’tkazganda qanday huquqlari borligi haqida.
Immigratsiya xizmati xodimi sizni ko’chada so’roq qilish uchun to’xtatganda, osoyishtalikni saqlang va muloyim bo’ling. Immigratsiya xizmati xodimi yoki huquq-tartibot xizmati xodimi bilan tortishmang va qarshilik ko’rsatmang. Qo’llaringiz hamisha politsiyaga ko’rinadigan holda tursin.
Ingliz tilini bilsangiz, siz hibsga olindingizmi yoki yo’qmi, shu haqda so’rang (Am I under arrest? – Men hibsga olindimmi?). Agar hibsga olinmagan bo’lsangiz, yo’lingizda davom etishingiz mumkin. Agar hibsga olinganingizni ma’lum qilishsa, nima sababdan hibsga olinganligingizni bilish huquqiga egasiz va bu haqda so’rang.
Hibsga olingan vaqtingizdan boshlab sukut saqlash huquqiga egasiz. Bu haqda, albatta, xodimga bildirishingiz kerak (I want to remain silent – Men sukut saqlashni xohlayman). Ba’zi shtatlarda, xodim sizdan ism-sharifingizni so’rasa, javob berishga majbursiz.
Agar huquq-tartibot xizmati xodimi sizda qurol borligini shubha qilsa, ustingizni sekin paypaslab tekshirib chiqishi mumkin. Bunga ingliz tilida “pat down” deyiladi. Bunga hech qachon qarshilik ko’rsatmasligingiz kerak. Politsiya xodimi sizni asossiz paypaslayotgan bo’lsa ham, qarshilik ko’rsatmang, va “I do not consent to this search,” (“Men ustim paypaslanishiga rozi emasman.”) deb ayting.
Immigratsiya xizmati xodimi turli ish joylarida ham reyd o’tkazadilar. Ularning ish joyingizga kelganidan xabar topsangiz, sezdirmasdan u yerni tark etishga harakat qiling. Buning iloji bo’lmasa, osoyishtalikni saqlang. Eng muhimi, immigratsiya xizmati xodimini ko’rganingizda undan qochmang. Qochsangiz, immigratsiya xizmati xodimi sizni haqiqatdan ham jinoyat sodir etganligingizda shubha qilib, ordersiz hibsga olishga haqqi bor.
Ham ko’chada, ham ish joyida immigratsiya xizmati xodimiga yo’liqqaningizda tabiiy holda sizdan immigratsion statusingiz haqida ma’lumot olishga harakat qilishi mumkin. Umuman olganda, yoshingiz 18dan o’tgan bo’lsa va AQShda qonuniy yashashga ruxsatingiz bor bo’lsa (yani Grin kartangiz yoki “Permanent resident card”ingiz bor bo’lsa), bunday hujjatni har doim o’zingiz bilan birga olib yurishingiz kerak. Immigratsiya xizmati xodimi sizdan hujjat taqdim etishingizni so’raganda, tegishli hujjatni, albatta, ko’rsatishingiz kerak.
Agar hujjatsiz muhojir bo’lsangiz, sukut saqlash huquqidan foydalanmoqchi ekanligingizni ayting (“I want to remain silent.” / “Men sukut saqlashni xohlayman.”). Sizning immigratsion statusingiz haqida so’ralgan har qanday savolga qarshi sukut saqlash huquqingizdan foydalanishingiz kerak. Immigratsiya xizmati yoki boshqa huquq-tartibot xizmati xodimi sizning immigratsion statusingiz, qayerda tug’ilganingiz, AQShga qanday qilib kirib kelganingiz haqida bergan savollarga javob berishga majbur emassiz. Shu bilan birga, o’zingizni AQSh fuqarosi yoki doimiy yashash huquqiga ega bo’lgan shaxs deb isbotlash uchun soxta hujjatlarni ko’rsatmang. Hech qanday hujjatga, ayniqsa, nima haqida ekanligini tushunmay turib, imzo qo’ymang. Har qanday hujjat matnini tushunmaganingizda, tarjimon xizmatidan foydalanish huquqiga egasiz.
Immigratsiya xizmati sizni hibsga olganda
Hibsga olinganingizda, nohaq deb hisoblasangiz ham, qarshilik ko’rsatmang. Savollarga advokat bilan maslahat qilmasdan javob bermasligingizni ayting. Agar advokat yollashga pulingiz bo’lmasa, immigratsiya xizmati xodimiga sizga bepul xizmat ko’rsatuvchi (“pro bono immigration lawyers” deb ataladi) yoki arzon narxlarda xizmat ko’rsatuvchi advokatlar ro’yxatini berishini iltimos qiling.
Yakuniy maslahatlar
- AQSHda hujjatsiz muhojir bo’lib yurgan shaxslar, eng avvalo, amaldagi qonun-qoidalarni buzmasliklari kerak. Umuman olganda, AQShda politsiya kamdan-kam holatlarda kimnidur hech qanday sababsiz to’xtatib, so’roqqa tutadi. Bunday choraga qo’l urishi uchun politsiyaning jiddy sabablari bo’lishi kerak.
- Aytaylik, siz hujjatsiz muhojirsiz va mashinangizda ketayotganingizda sizni politsiya to’xtatdi. Agar to’xtasam, politsiya xodimi mening AQSHda hujjatsiz yurganimni o’rganadi va meni deportatsiya qiladi deb o’ylab to’xtamaslik politsiya xodimi uchun sizni quvlab-yetishga, ordersiz tintuv qilishga va nihoyat, hibsga olishga yetarli asos bo’lib xizmat qiladi.
- Sizni to’xtatgan politsiya xodimiga faqat haydovchilik guvohnomasini, mashina sug’urtasini va uning ro’yxatdan o’tganligini ko’rsatuvchi hujjatni ko’rsatishinzigiz kerak. Bu hujjatlardan sizning hujjatsiz muhojir ekanligingizni bilib olishi mumkin emas. O’zingizni osoyishta tutib, politsiya bilan muloyim muomalada bo’lsangiz, sizga yo’l qoidasini buzganligingiz uchun (agar sizni to’xtatishga shu sabab bo’lgan bo’lsa) ogohlantirish yoki jazo berishdan boshqa hech qanday chora ko’rilmaydi.
- Hujjatsiz muhojir, o’z immigratsion holatidan kelib chiqqan holda, har qanday vaziyatga tayyor bo’lmog’i lozim va ba’zi tayyorgarlik choralarini ko’rgan bo’lishi kerak. Shulardan eng muhimi kerak bo’lganda qisqa vaqt ichida murojaat qilishingiz mumkin bo’lgan advokatlarni bilish. Ularning ism-shariflari va telefon raqamlarini doim yoningizda olib yuring. Xuddi shu aloqa ma’lumotlarini siz bilan yashaydigan oila a’zolaringiz yoki do’stlaringiz uchun ham uyingizda saqlang. Bu ma’lumotlar yordamida siz hibsga olingan taqdiringizda, yaqinlaringiz sizga qisqa muddat ichida advokat yollashlari mumkin bo’ladi.
- Oilangiz a’zolariga yoki do’stlaringizga immigratsion nomeringizni (“A number”) berib qo’ying. Hibsga olinganingizda, yaqinlaringiz aynan shu nomer orqali sizni topishlari osonroq bo’ladi.
* Yuqorida berilgan ma’lumotlar rasmiy huquqiy maslahat o’rnida o’tmaydi. Politsiya harakatlari haqida savollaringiz bo’lsa yoki shikoyat qilmoqchi bo’lsangiz, zudlik bilan advokat yollashni tavsiya qilamiz.
Be the first to comment