Amerikaga kelgandan keyin asosiy ishlar

Aytaylik grin karta dasturi yoki oila a’zosi orqali Amerikaga ko’chib keldingiz. Vaqtinchalik turar-joyingiz ham bor. Xo’sh, birlamchi qilinishi kerak bo’lgan ishlar nimalardan iborat?

1. Ijtimoiy xavfsizlik raqamini (Social Security Number) oling

AQShda qonuniy ishlamoqchi bo’lgan kishi birinchi navbatda Ijtimoiy xavfsizlik raqamini yoki Social Security Number (SNN) olishi kerak. Xalq tilida qisqa qilib «soshl (“Social”) deb ataladi. Amerikaga kelganingizdan keyin 10 kun o’tib SSNni olish uchun murojaat qilishingiz mumkin. SSNni olish uchun hujjatlarni Ijtimoiy xavfsizlik bo’limiga (Social Security Agency) topshirishingiz kerak. Talab etiladigan hujjatlar ro’yhati bilan bu yerda tanishib chiqishingiz mumkin. Bu hujjatlar orasida eng asosiysi sizga ishlashga ruxsat beruvchi vizadir. Agar sizga berilgan viza AQShda ishlashga ruxsat bermasa, yani noimmigrant vizasi bo’lsa, unda SSN olish oson bo’lmaydi va qo’shimcha hujjat taqdim etilishi talab etiladi.

2. Haydovchilik guvohnomasini oling

AQShda haydovchilik guvohnomasi (Driver License) mashina haydashga ruxsat berish bilan birga, shaxsni tasdiqlovchi hujjat vazifasini ham o’taydi. Shu sababli, shaxsingizni tasdiqlash uchun ko’pincha pasport emas haydovchilik guvohnomasi so’raladi. Ba’zi holatlarda agar O’zbekiston haydovchilik guvohnomasini ko’rsatsangiz, mashina haydash testidan ozod etilasiz va faqat yo’l qoidalari bo’yicha yozma test topshirishingiz kerak bo’ladi.

Agar haydovchilik guvohnomasini olishga tayyor bo’lmasangiz (masalan, mashina haydashni hali bilmasangiz), unda “State ID”ga, yani siz istiqomat qilayotgan shtat tomonidan beriladigan shaxsni tasdiqlovchi hujjatga murojaat qiling.

3. Immigrant resurs markazlari xizmatlaridan foydalaning

Har bir shtat tumanlarida (county) immigrant resurs markazlari mavjud (ko’pincha “Immigrant Recourse Center” deb ataladi). Mazkur markazlarda immigrantlarga bepul ingliz tilini o’rgatish, kompyuter savodxonligi, ish topishga ko’maklashish va huquqiy maslahat berish xizmatlari yo’lga qo’yilgan. Immigrant resurs markazlarida ko’rsatiladigan xizmatlarning aksariyati bepuldir.

4. Debit/kredit karta ochtiring

Amerikada “credit history” (kreditdan foydalanish tarixi) degan tushuncha mavjud. Bunda kishi bankdan olgan turli ko’rinishdagi qarzlarni o’z vaqtida to’layotganiga qarab baho beriladi. Masalan, agar siz kredit karta orqali narsalar sotib olib, bankka qarzlarni o’z vaqtida to’lamasangiz, bu sizning bank bergan qarzdan foydalanish tarixingizga salbiy ta’sir qiladi va pastroq baho beriladi. Aksincha, kredit karta va umuman bankka bo’lgan qarzlaringizni o’z vaqtida to’lab yursangiz, kreditdan foydalanish bahoingiz baland bo’ladi. Bu esa kelajakda kattaroq miqdorda qarz olishingizni ancha osonlashtiradi.

Yaxshi credit history’ga ega bo’lish uchun, biron bir bankdan kredit kartani iloji boricha tezroq olish kerak. Ko’pincha kredit karta berish uchun bank sizdan SSN raqamini so’raydi. Agar hali SSN’ni olmagan bo’lsangiz, unda debit karta (“debit card” yoki “checking account” deb ataladi) ochtiring. Buning uchun bankda hisob ochtirib, bir oz mablag’ qo’ysangiz bo’ldi. Hisobingizga qo’yadigan mablag’ katta bo’lishi shart emas, $50 bilan ham ochtirishingiz mumkin. Muhimi biron narsa sotib olayotganingizda debit kartangizda qancha mablag’ borligini unutmaslik va mavjud mablag’ doirasida tovarlarni sotib olis.

5.  AQShda ish qidirish tizimi qanday yo’lga qo’yilganini tushunib oling

Hamma joyda bo’lgani kabi, Amerikada ham ish topishning eng oson yo’li bu tanishlaringizdan ish bor-yo’qligini surishtirishdir. Shu bilan birga, tezroq ish topish uchun barcha manbalardan foydalanishingiz kerak. Masalan, siz istiqomat qilayotgan joyda rus yoki o’zbek tilida chop etiladigan gazetalarning bandlik/ish topish bo’limlarini kuzatib boring. Yoki bo’lmasa AQShda turli hil e’lonlar uchun eng ko’p qo’llaniladigan Kregslist (www.craigslist.org) vebsaytidan foydalaning. Bu vebsaytga kirganingizdan keyin, siz istiqomat qilayotgan shtatning shahrini tanlang (masalan, New York City) va “Jobs” bo’limidan kasbingizga to’g’ri keladigan soha bo’yicha ish qidirishingiz mumkin. Yoki bo’lmasa, “Jobs” bo’limiga kirganingizdan keyin, “Russian” yoki “Uzbek” deb yozing, shunda rus yoki o’zbek tili talab qilinadigan ishlar ro’yhati chiqadi.

Yuqorida Amerikaga kelganingizdan keyin birlamchi qilinishi kerak bo’lgan ishlarni sanab o’tdik. Siz bu jarayondan o’tgan bo’lsangiz, yana nimalarni maslahat bergan bo’lardingiz? Fikr-mulohazalaringizni quyida qoldirishingiz mumkin.

2 Comments

Leave a Reply

Your email address will not be published.


*